Adashgan ayol va uning 3 nafar farzandi Vatanga qaytarildi

15:21 22 Fevral 2019 Jamiyat
267 0

Illyustrativ foto

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida istiqomat qiluvchi Almurod Toʻrayev ham 2 oʻgʻil, 2 qizni tarbiyalab, turmush oʻrtogʻi bilan tinch-totuv, baxtli hayot kechirib kelayotgan edi. Biroq oʻgʻillarining noqobil chiqishi ota boshini mahalla-koʻy, qarindosh-urugʻ, oshna-ogʻaynilar oldida xam qildi, deb yozmoqda OʻzA.

1974 yilda hamda 1987 yilda tugʻilgan aka-uka Ilhom va Erkin Toʻrayevlar 2011 yil Rossiya davlatiga ishlash uchun boradi. Afsuski, ular u yerda “Oʻzbekiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkiloti safiga qoʻshilib qolishadi va odamlarni yollash bilan shugʻullana boshlashadi. Shu orada Ilhom Toʻrayev turmush oʻrtogʻi va farzandlarini ham yolgʻon vaʼdalar bilan oʻz yoniga chaqirib oladi. Ammo, Ilhomning qingʻir harakatlari uzoqqa choʻzilmadi. Tez orada u huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi.

Ilhom Toʻrayev qoʻlga olingan vaqtda uning ukasi Erkin Turkiyaning Istanbul shahrida qoʻnim topib, Pokiston, Afgʻoniston va Suriya davlatlaridagi “Oʻzbekiston islom harakati” va “Imom al-Buxoriy katibasi” xalqaro terroristik tashkilotlar safiga yangi aʼzolarni yollash va joʻnatish ishlari bilan shugʻullanib kelardi. Shundan soʻng Erkin 2013 yil akasining turmush oʻrtogʻi va farzandlarini Rossiyadan Turkiyaga chaqirib oladi va ularni ham oʻzlarining safiga qoʻshadi...

2019 yil Almurod Toʻrayev uchun xayrli boshlandi. Sababi, toʻngʻich farzandi Ilhom Toʻrayevning turmush oʻrtogʻi va 3 nafar voyaga yetmagan farzandi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining saʼy-harakatlari bilan Turkiya davlatidan Oʻzbekistonga qaytarildi. Bu quvonchli xabar 67 yoshni qarshilagan Almurod Toʻrayevni ertangi kunga boʻlgan ishonchini qayta uygʻotdi.

– 2013 yil oʻzga yurtlarga ketib, adashib diniy oqimlarga aralashib qoldim, – deydi Xolbibi Koʻchirova. – Istanbul shahrida farzandlarim bilan ijarada qiynalib yashadim, bolalarimning hujjatlari yoʻq edi, hech qayerga murojaat qilolmadim. 10 yoshli katta farzandim hujjati yoʻqligi uchun maktabda oʻqiy olmadi. Vatanga qaytgim kelardi, lekin qaytishni iloji boʻlmadi. Prezidentimizga ming rahmat, bizga shunday imkoniyatlar berdi. Mana bugun farzandlarim bilan oʻz uyimda oʻtiribman.

Almurod ota ham marhum turmush oʻrtogʻi bilan farzand dogʻida hayotning koʻp mashaqqatlarini chekdi. Kelini va nabiralarini koʻrishdan butunlay umidini uzgan bir mahalda, bu kun otaxon uchun esda qolarli boʻldi. Shunday ogʻir damda xalqimizga xos mehr-oqibat unga dalda boʻlganini gapirar ekan, koʻz yoshlarini tiyib turolmadi.

– Shuncha yillar davomida farzandlarim, nabiralarimni koʻrishni imkoni boʻlmasdan, mana shu azobda rahmatli ayolim bilan kutib yashadik, – deydi Almurod ota. – Bugungi xursandchilik koʻz yoshlariga yetkazgan Yurtboshimizga ming rahmat. Oʻtgan yili farzandlarim dogʻida ayolim qazo qildi. Bir oʻzim shu hovlida qoldim. Prezidentimizga yana bir karra rahmat.

Ha, otaxonning yuragidan otilib chiqayotgan bu gaplar har qanday insonning qalbini larzaga solishi, shubhasiz. Hozirda Ilhom Toʻrayev Sherobod tumanida joylashgan manzilli koloniyada jazo muddatini oʻtayapti va shu bilan birga, Jarqoʻrgʻon tumanidagi gʻisht zavodida shartnoma asosida ishlab kelmoqda. Albatta, Ilhom davlatimizning uning oilasiga, farzandlariga koʻrsatgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrligidan minnatdor.

– Hozir shunchalik hayajondamanki, uni soʻz bilan ifodalab berolmayman, – deydi I.Toʻrayev. – Prezidentimizning qaroriga asosan mana yengillik boʻlib, oilam sogʻ-salomat uyga, bagʻrimizga keldi. Shu ekstremistik tashkilotlar safiga qoʻshilib qolganimdan ming-ming pushaymonman, ota-onam, yaqinlarimga aziyat yetdi. Oʻzga yurtlardan kelolmay yurganlarga murojaat qilmoqchiman – qaytinglar, mana mening turmush oʻrtogʻim va farzandlarim sogʻ-salomat uyga, bagʻrimizga kelishdi.

Xalqimizga xos kechirimlilik, mehr-oqibat va hamjihatlikning koʻrinishi boʻlgan bu kabi xayrli ishlar yurtimizda inson nomi va uning qadriga boʻlgan eʼtiborning yorqin namunasidir”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?