Adabiyotda — matematika

11:52 24 Fevral 2020 Lifestyle
437 0

Kuz kunlarining birida maktabning ilmiy boʻlim mudiri 5-sinflarda adabiyot darsiga oʻqituvchisi maʼlum sababga koʻra kelmaganini aytib hozir boʻsh boʻlsang shu darsni sen oʻtib turgin deb qoldi. Men xoʻp dedim. Sinf xonasiga kirib, oʻquvchilar bilan salomlashib, nimaga adabiyot darsiga men kirganimni aytdim va darsni boshladik. “Oʻtgan darsda qaysi mavzuni oʻtgansizlar?”-deb soʻradim oʻquvchilardan.

“Hamid Olimjon hayoti va ijodini”, deb javob berishdi ular.

"Xoʻp unda bugun adabiyotni matematika qilib oʻtamiz rozimisizlar?"- dedim. Baravariga “ha” deyishdi. Darsni boshlashdan oldin raqamlar qatnashgan oʻzbek xalq maqollaridan aytinglar-chi dedim. Bilganlar birma bir qoʻl koʻtarib ayta boshlashdi. Sanamay, 8 dema. 7 oʻlchab, 1 kes. Ish bilganga 1 tanga, gap bilganga 1000 tanga. 1 ni kessang 10 ni ek. 1 bolaga 7 mahalla ota-ona. Yaxshi otga 1 qamchi, yomon otga 1000 qamchi. Quvvati bor 1 ni yiqitar, bilimi bor 1000 ni.

Shu zaylda koʻplab maqollar aytildi. Endi... gap boshladim men, sizlarga “Gullar” degan sheʼr oʻqib beraman. Shu sheʼrni tinglab ichida yashiringan 6 ta raqamni topasizlar dedim. Oʻquvchilar eʼtibor bilan tinglay boshlashdi.

Oltinoy bilan Sobir

Adirdan gul terishdi.

Tergan guli turfa xil,

Toʻq-qizil sariq pushti.

Gulga boʻlib parvona

Uchib qoʻnar kapalak.

Shohda beshik tebratar,

Turar parvoyi palak.

Sheʼrni oʻqib boʻlishim bilan sanay boshlashdi. 6, 1, 9, 5. Iltimos qilishgandan soʻng yana qayta oʻqib berdim. Shunda 3 ni ham topishdi. Lekin oxirgi raqamni topish juda mushkul boʻldi. Axiri uni topishdi: bu son 10 edi. Toʻgʻri men matematikman, lekin adabiyot darsini oʻtyapman. Maqollar, sheʼrlar, hikoyalar adabiyot darsida oʻtiladiku. Endi asosiy mavzuni boshladik.

Hamid Olimjonni hayoti va ijodi. Bu adib qachon tugʻilib qaysi yili vafot etgan deb soʻradim, oʻquvchilar javob berishdi. Boʻrni olib doskaga yozdim 1944-1909=35 bor yoʻgʻi 35 yil umr koʻrgan. 1926-yilda Samarqand pedagogika oliygohini tamomlagan. 1926-1909=17. Demak 17 yoshida oliy maʼlumotli boʻlgan. Hamid Olimjonning birinchi sheʼri 1926-yilda omma eʼtiboriga havola qilgan. 1926-1909=17. Demak 17 yoshda Hamid Olimjon shoirlikka daʼvogar boʻlgan. Shu zaylda yana ancha davom etdik. Zulfiya xonim bilan turmush qurgan yillari. Birinchi farzand koʻrganlarida necha yoshda ekanliklari. Birinchi kitoblari nashrdan chiqqan yil va hokazo. Keyin men bolalarga Hamid Olimjonni mashhur sheʼridan parcha oʻqib berdim. Mana senga olam olam gul, quchogʻingga siqqanicha ol...

Ilgari meni bir savol qiynardi. Nima uchun shifokorga borilsa, men kardiolog emasman, yurak xastaligini bilmayman. Yoki boʻlmasa siz nevropatologga uchrashing, men terapevtman. Yana boʻlmasa bu bizning kasalimiz emas sizni revmatolog koʻrsin va hokazo. Hammasi doʻxtir-ku nimaga bilmas ekan? derdim ichimda. Endi bilsam oʻqituvchi degani hamma darsni oʻta oladi degani emas-ku. Masalan: tarix fanini biolog oʻtolmaydi. Matematikani geograf oʻtolmaydi. Lekin umumiy holda pedagog boʻlganligi uchun qisman uddalash mumkin ekan. Buni oʻzim boshimdan oʻtkazganim uchun bildim. Xullas hammasidan koʻnglim toʻldi. Men matematik boʻlganim uchun adabiyot darsida baribir matematikadan dars oʻtdim. Ana shunaqa..!

Mansur MIRZABDULLAYEV,

Namangan tumani XTB ga qarashli 7-sonli

maktabning matematika fani oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?