Adabiyot va maʼrifat xiyoboni

12:29 22 May 2020 Madaniyat
133 0

2017-yil 3-fevral kuni edi. Toʻsatdan qoʻngʻiroq boʻlib, tezda Milliy bogʻning kunbotar tomoniga kelishimni aytishdi. Bordim. Bir guruh ijodkorlar yigʻilgan, davlat rahbarining tashrifi kutilayotgan edi. Yomgʻir shivalab yogʻayotgan, havo anchayin sovuq. Chogʻroqqina chodir ostida yigʻildik. Dam oʻtmay, Prezidentimiz kirib keldi. Suhbat adabiyotga eʼtibor xususida boʻldi. Yurtboshimiz ijodkorlarga toʻliq sharoitlar yaratishdan tortib, adiblarga yangi bino qurish, shu hududda adabiyotimiz ravnaqiga umrini bagʻishlagan adiblar xotirasiga bogʻ yaratish rejasi bilan oʻrtoqlashdilar.

Davlatimiz rahbarining ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash niyatlari, samimiy ruhda oʻtgan suhbat barchamizni benihoya toʻlqinlantirdi. Axir oʻtgan uch oʻn yillikda eʼtibordan chetda qolgan, koʻz nuri, mehr qoʻrini berib yozgan asarlari dunyo yuzini koʻrmay, chang bosib yotgan, chop etilganda ham toʻrtta odamdan boshqasi bexabar qolgan ijodkor uchun bu kutilmagan ruhiy quvvat edi. Bir paytlar shaharning qoq markazidagi salobatli binosidan ayrilib, yillar davomida darbadar koʻchmanchi kabi ijarama-ijara, binodan-binoga koʻchib yurgan Yozuvchilar uyushmasiga alohida bino qurilishi xor boʻlgan yetimning boshini silagandek bir gap edi. Koʻzlarga beixtiyor yosh qalqdi.

...Adiblar xiyoboniga ajratilgan hudud katta qurilish maydoniga aylandi. Tez fursatlarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosi qad koʻtardi, atrofda nodir asarlari bilan xalqimizning qalb toʻridan joy olgan marhum ijodkorlarning haykallari birin-ketin oʻrin ola boshladi. Xiyobon hududi puxta oʻylangan reja asosida koʻkalamzorlashtirildi.

2017-yilning 25-dekabr kuni uyushma binosining ochilishiga shaxsan Prezidentning oʻzi tashrif buyurdi. Yana bir samimiy suhbat boʻlib oʻtdi. Birinchi suhbatdan keyin oʻtgan davrda ijodkorlarga berilgan imtiyozlar, uy-joylar, ijod uchun yaratilgan imkoniyatlarga minnatdorlik tuygʻusi ishtirokchilarning koʻzlaridagi quvonchdan yaqqol koʻrinib turardi. Bu gal Yurtboshimiz oʻzlarining galdagi rejalaridan soʻz ochdilar. Buyuk adabiyotimizni dunyoga olib chiqish, tarjima qilish, ommalashtirish, Adiblar xiyobonini yoshlarning doimiy maʼrifiy maskaniga aylantirish boʻyicha zarur topshiriqlarni berdilar. Suhbat yakunida “bu hali boshlanishi, mening koʻnglimda rejalarim koʻp. Armonlarim, niyatlarim bor. Vaqti kelsa, ­oʻzlaringiz koʻrasizlar. Sizlar bilan hali koʻp uchrashamiz...” deya xayrlashdilar.

Bu gap ijodkorlar orasida ancha muhokama boʻldi. “Axir adabiyotga boʻlgan eʼtibor bundan ziyod boʻladimi, bino berildi, bogʻ bunyod etildi. Necha yillardan beri xor boʻlgan ijodkorlarning obroʻsini shunchalar koʻtarib, uy-joy berib, qalam haqigacha oshirgan boʻlsalar, unvonlaru mukofotlarga tavsiyalardan bosh aylanadi. Yana qanday rejalari bor ekan?” degan oʻy hammaning fikri-zikrida boʻldi.

Adiblar xiyobonida qurilish toʻxtamadi. Obodonchilik ishlari davom etaverdi...

Kuni kecha Adiblar xiyoboniga borib, ogʻzimiz lang ochilib qoldi. Prezidentimizning ijodkorlarni oʻylantirgan savollariga javob topgandek boʻldim. Adiblar xiyobonining goʻzalligiga mahliyo boʻlmaslikning iloji yoʻq. Oʻzbek adabiyotining Alisher Navoiydan keyingi besh yuz yillik tarixi kaftdek namoyon. 24 nafar buyuk soʻz sanʼatkorining mis va bronzadan quyilgan haykallari, ular atrofidagi soʻlim bogʻchalar, kishi taʼbini quvnatadigan anvoyi gullar iforidan boshingiz aylanadi, oʻzingizni qandaydir firdavsmonand maskanga kirib qolgandek his etasiz. Bogʻni kezar ekansiz, bejirim koʻshklarga koʻzingiz tushadi. Har bir haykal atrofida bir koʻshk, atrofi chaman. Haykallar orasidan oʻtib yuqorilay boshlaysiz. Markaziy yoʻlakka oʻtishingiz bilan bogʻ choʻqqisida hazrat ­Alisher Navoiyning mahobatli haykali. Ie, endi u boqqa teskari emas, burilib, Adiblar xiyoboniga qarab turibdi. Haykal poyiga koʻtarildik. Orqamizga oʻgirilib, tosh qotdik. Haykal poyida butun adabiyotimiz namoyandalari ­haykallari ulugʻ bobokalonimizga qarab, ­taʼzim qilayotgandek, goʻyo. Hayajon bosdi. ­Yurtboshimizning qalbidagi armon va niyatlarini sezgandek boʻldim.

Adiblar xiyobonining goʻzalligi beqiyos, ammo uning zamirida yotgan mazmun-mohiyat bizni yana-da qattiq toʻlqinlantirdi. Hazrat Navoiy yuksaklikdan quyoshga boqmoqda. Quyosh, bu — nur manbai, majoziy maʼnoda, ilm va maʼrifat manbai. Navoiy bir umr ziyoga, ilm­ga intilgan va undan oʻzi ziyolanib, maʼrifatni targʻib etgan. Oʻz davrida “Shams ul-millat”, yaʼni millat quyoshi, deb ulugʻlangani ham shundan. Uning poyida butun oʻzbek adabiyoti namoyandalari, adabiyot tarixi toʻliq gavdalantirilgan. Hammasi Navoiyga taʼzimda, Navoiy ularni yuksaklikdan turib, maʼrifatga, ziyoga targʻib etib turibdi. Bu bogʻ, bogʻ emas, oʻzbek ada­biyoti tarixi darsligining koʻrgazmali manzarasi-ku! Bu yerda yosh avlod biz bir yil maʼruza qilib yuradigan mavzularimizni bir soatda oʻzlashtirishi mumkin. Oʻzbek adabiyoti bilan tanish boʻlmagan odam bir aylanishdayoq adabiyotimizning yalovbardorlarini ­eslab qoladi, oʻzbek adabiyoti tarixi haqida tasavvurga ega boʻladi. Shu maʼnoda, ushbu ­xiyobon nafaqat adabiyot, balki bilim va ­maʼrifat maskaniga ham aylandi, desak, adash­maymiz.

Nimasini yashiramiz: koʻpchilik badiiy asar oʻqish u yoqda tursin, oʻz adiblarimiz, oʻzimizning buyuk adabiyotimiz borligidan ham bexabar edi. Maʼnaviyatdan tobora uzoqlashib, chet el madaniyatiga sigʻinish boshlangandi. Yoshlarni aytmasak ham boʻladi. Yurtboshimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish boʻyicha olib borgan siyosati natijasida yoshlar kitob oʻqiy boshladi. Kitob mutolaasi, adabiyot targʻiboti davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Baribir hamma birdek kirishgan deya olmaymiz. Ammo bu bogʻni aylangan yoshlarda adiblarning haykallari bilan tanisha turib, ularning asarlarini olib oʻqishlariga ishtiyoq paydo boʻlishiga hech shubha yoʻq. Ularga qoʻshilib ota-onalar ham oʻqiy boshlaydi.

Adabiyot — tarbiya vositasi. Adabiyotning bosh vazifasi — inson qalbini goʻzallashtirish, uning maʼnaviyatini yuksaltirish. Kitob — ziyo manbai, badiiy asar oʻquvchi kishiga alohida tarbiyachi kerak emas. Asar ruhining oʻzi tarbiyalab qoʻyadi. Insonning maʼnaviyati oʻzgaradi, maʼrifati oshadi, vatanparvarlik hissi joʻsh uradi. Bu boqqa kirgan odam nafaqat dam oladi, nafaqat buyuk adabiyotimizga mehr bogʻlaydi, balki bu yerdan ruh oladi, mafkurasi oʻzgaradi, milliy gʻururi kuchayadi. Ona tilimizni, adabiyotimizni, millatimizni sharaflagan buyuk bobokalonimizning xizmatlarini chuqur his qiladi va sidqidildan poyiga gullar qoʻyib, taʼzim bajo keltiradi. Prezidentimizning chuqur oʻylangan rejalariga qoyil qolmaslikning iloji yoʻq.

Hazrat Alisher Navoiyning bir baytlari yodga tushdi:

Erur chun olam ichra joh foniy, yaxshi ot boqiy,

Bas, el komin ravo ayla oʻzungni komron koʻrgach.

Ushbu baytda, soddaroq qilib aytadigan boʻlsak, shunday maʼno mujassam:

Bu dunyodan oʻtgusi har mansab, yaxshi ot qolgay,

Bas, el orzusin roʻyob qil, ki oting toabad qolgay!

Kuni kecha Adiblar xiyobonida Prezidentimiz bilan uchinchi samimiy suhbatda qat­nashish sharafiga muyassar boʻldik. Mukammal meʼmoriy yechimga ega boʻlgan ushbu bogʻ ochilishiga barcha ijod ahli bilan birga, oliy taʼlim muassasalari rektorlari ham taklif etilgan edilar. Davlatimiz rahbari suhbatidan rektorlar bejiz taklif etilmaganini sezdik. “Adabiyot — xalqning yuragi va maʼnaviyati”, deb taʼkidladi Prezident. — Sohaviy yoʻnalishidan qatʼi nazar, barcha oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek adabiyotini oʻqitish, oʻquv rejasiga Alisher Navoiyga bagʻishlangan maxsus fan — Navoiyshunoslik fanini kiritish, adabiy toʻgaraklar, teatr-studiyalar tashkil etish, oʻzbek adabiyoti namoyandalarining muzeylarini ochish, adiblarga bagʻishlangan filmlar yaratish vazifalari topshirildi. Ochiq osmon ostidagi auditoriya — Adiblar xiyoboni hamisha ochiq darslar bilan band boʻlishi, yoshlarning qadami kanda boʻlmasligi, eng asosiysi, bu yerdagi ruh barcha yigit-qizlarning qalbiga singishiga erishish hammamizning bosh vazifamiz boʻlishi kerakligi alohida taʼkidlandi. Bu vazifalar har birimizni masʼuliyatni yana-da chuqur his qilishga, ishimizga yangicha koʻlamda, yuqori darajada yondashishga undaydi.

Shuhrat SIROJIDDINOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori,
Adabiyot sohasida 1-darajali Davlat mukofoti laureati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?