“Adabiyot oʻqituvchisining asosiy vazifasi yaxshi kitobxonlarni yetishtirishdir”

18:25 27 Avgust 2018 Jamiyat
113 0

Kitobxonlik madaniyatini oshirish, ayniqsa, bolalar qalbida kitobga chinakam havas, ishtiyoq uygʻotish uchun kamida ota-onalarning oʻzlari ham yaxshi kitobxon, uyda oʻqilishi lozim boʻlgan kitoblar yetarli boʻlishi lozim. Kitobga havas uygʻotishning yoʻllari koʻp. Tajribali pedagoglar, ruhshunos va mutaxassislarning yoʻl-yoʻriqlari koʻrsatilgan qoʻllanmalardan foydalanish ham bu borada yaxshi samara beradi. Ayrim xorijiy mamlakatlarda kitob oʻqish masalasi alohida fan sifatida oʻqitilar ekan. Buyuk nemis mutafakkiri Gyote yoshi saksonga borganda “Men haliyam kitob oʻqishni oʻrganolmadim”, deya afsuslanganini eslasak bu juda joʻyali koʻrinadi.

Yaqinda nabiralarimni poytaxtning Beshyogʻoch dahasidagi Gʻafur Gʻulom uy-muzeyiga olib bordim. Bolakaylar oʻzlari sevib mutolaa qilishgan mashhur “Shum bola” asari shu yerda yozilganini bilib, hayrat va hayajonlarini yashira olmay qoldilar. Shu mavzuga doir muzey ekspozitsiyasidagi har bir noyob ashyo-predmetlar ularning qiziqishlarini battar oshirar edi. Muzeydan chiqib “Kitob olami” doʻkoniga yoʻl oldik. Bolakaylar rastalar orasida yelib-yugurgancha “Don Kixot”, “Oliver Tvist”, “Sariq devni minib”, “Jahon xalqlari ertaklari” kabi kitoblarni tanlab olishdi. Doʻkonda turli tillardagi qiziqarli kitoblar koʻpligi tufayli bolalarda chet tillarni oʻrganishga ishtiyoq yanayam oshdi. Demak, “yuz eshitgandan bir koʻrgan afzal”, deganlaridek bolalarni mutolaaga qiziqtirish uchun mana shunday amaliy saʼy-harakatlar — muzeylarga, muqaddas joylarga sayohatlar, kitob doʻkonlari, yarmarkalariga birgalikda borish ham yaxshi natija berar ekan.

Bu borada respublika Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovining ahamiyati beqiyosdir. Gap faqat tanlovda gʻolib chiqqan yoshlarning mashina va boshqa qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishidagina emas. Televizorda namoyish etilayotgan ushbu tanlov faqat yoshlar uchungina emas, kitobga befarq boʻlmagan har bir kishi uchun bagʻoyat maroqli va foydali tadbir boʻldi. Kitobxonlikni ragʻbatlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani koʻpchilikni quvontirdi. Adabiyot oʻqituvchilarining yangi chop etilayotgan kitoblar, gazeta-jurnallardan xabardorligi ham toʻgʻri mutolaani tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Atoqli adabiyotshunos olim, ustoz Ozod Sharafiddinov “Adabiyot oʻqituvchisining asosiy vazifasi yaxshi kitobxonlarni yetishtirishdir”, degan edi. Shunday ekan, bu borada yozuvchi-shoirlar, adabiyot oʻqituvchilari, mutaxassis olimlar, sotsiologlar, ruhshunoslarning birgalikdagi saʼy-harakatlari bugungi kunda har qachongidan ham zarurroqdir. Bugungi kitobxon bola ertaga jamiyatning yetakchi kuchiga aylanishi yorugʻ va ezgu orzu-umidlarimiz roʻyobiga keng yoʻl ochadi.

Shodmon OTABЕK, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?