Adabiy doʻstlik tarannumi

17:34 26 Sentyabr 2018 Madaniyat
1372 0
Illyustrativ foto

Dunyoda doʻstlik eng aziz neʼmatlardan biri hisoblanishi bejiz emas. Negaki, bu tuygʻu millati, tili, joylashgan hududidan qatʼi nazar, bashar xalqlarini bir-biri bilan yaqinlashtiradi, ular oʻrtasida maʼnaviy koʻpriklar yaratadi.

Davlatimiz rahbarining adabiyotimiz rivojiga koʻrsatayotgan yuksak eʼtibori, “Adabiy doʻstligimiz abadiy doʻstlikka aylansin” degan daʼvatlari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida “Oʻzbek adabiyotining xorijiy doʻstlari kengashi”ni tuzish haqidagi tashabbuslari, shubhasiz, shu olijanob maqsadning amalga oshishiga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nafaqat xalqaro masalalar, savdo-iqtisodiy munosabatlar, maʼrifiy aloqalarni ham mustahkamlashga yuksak eʼtibori, mamlakatimizning dunyo miqyosidagi adabiy aloqalarini ham keng rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, xorijiy davlatlar rahbarlari bilan boʻladigan oliy darajadagi uchrashuvlarda oʻsha davlatga mansub taniqli davlat va jamoat arboblari, xususan, ardoqli shoir va yozuvchilarning kitoblarini oʻzbek tilida nashr etib taqdim qilib borish boʻyicha tashabbusli yondashuvi davlatlararo ahamiyat kasb etmoqda. Oʻtgan qisqa davr mobaynida Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyevga “XXI asr boʻsagʻasida”, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonga Abdurahmon Jomiyning “Muhabbat mahzani”, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga Yakub Kolasning “Qadrdon qoʻshiqlar” kitoblarining taqdim etilishi, oʻz navbatida, mazkur mamlakat rahbarlarining bunday eʼzoz va eʼtiborga koʻrsatayotgan javob harakatlari bu jarayoning xalqaro munosabatlarda ezgu anʼana koʻrinishini olayotganidan guvohlik berib turibdi.

Mamlakatimizda qozoq xalqining ulugʻ shoiri Abay Qoʻnonboyev, mashhur qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aytmatov ijodiy merosini targʻib qilish borasidagi qarorlar, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan mazkur adiblar kitoblarining chop etilishi, Toshkentda Yakub Kolas va Maxtumquli yodgorliklarining oʻrnatilishi, Abay Qoʻnonboyev, Aleksandr Pushkin tugʻilgan kunlari bois ularning haykallari poyida oʻtkazilgan ijodiy anjumanlar chinakam maʼnoda adabiy doʻstlik tarannumiga aylandi.

Toshkentda oʻtgan oʻzbek adabiyoti targʻibotiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya adabiyotimiz tarixida yangi sahifa ochdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Germaniyada Xelmut Dalov tomonidan “Boburnoma” nemis tilida, Ukrainada Igor Shpak tomonidan Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni ukrain tilida, Turkiyada Huseyn Baydemir, Maʼrufjon Yoʻldoshev va Yilmaz Oʻzqoyalar tomonidan “Mustaqillik davri oʻzbek adabiyoti” nomli oʻzbek yozuvchilari asarlari turk tilida kitob holida nashr etildi.

Xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro aloqalar mustahkamlanib, amaliy harakatlarga kirishildi. Hozirda afgʻonistonlik olim Abdulloh Roʻyin Abulgʻozixonning “Shajarai turk” asarini, turkmanistonlik Rayimmamet Kurenov “Boburnoma”, Gumboldt (Berlin) universiteti oʻqituvchisi Barno Aripova Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani, Jiovanni universiteti professori Xendrik Boyoshoten Rabgʻuziyning “Qisas-ul-anbiyo” asari, AQSHlik Kristofer Fort Choʻlponning “Kecha va kunduz” romani, ukrainalik Igor Shpak Alisher Navoiyning “Hayrat-ul abror” dostoni, armanistonlik Armine Martirosyan Bobur ruboiylarini tarjima qilmoqda. Shuningdek, hindistonlik Dev Bxardvaj, moldovalik Vika Chembarseva, bolgariyalik Mariya Filipovalar ham bir qator oʻzbek adabiyoti namunalari tarjimasi ustida ish olib bormoqda.

Toshkentda oʻtgan xalqaro konferensiya doirasida Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston Yozuvchilar uyushmalari raislari Anor muallim, Ulugʻbek Yesdavlat, Nizom Qosim bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid oʻrtasida hamkorlik shartnomalarining imzolanishi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi delegatsiyalarining Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belarus, Hindiston davlatlarida adabiy anjumanlar, ijodiy muloqotlarda boʻlishi ham xalqaro adabiy aloqalarimiz tobora rivojlanib borayotganini koʻrsatmoqda.

Yaqinda adiblarimizning Hindiston safari davomida ushbu mamlakat kutubxonalarida saqlanayotgan Alisher Navoiyning milodiy 1671 yilda koʻchirilgan devoni, “Boburnoma”ning forsiy nusxasi, Akbarshoh tomonidan yozdirilgan Abduqodir Bidoyuniyning “Tarixi Temuriyon” kabi asarlari, umuman, ajdodlarimiz qalamiga mansub, tariximiz, maʼnaviy merosimizga oid 119 ta qoʻlyozma va kitoblardan nusxalar olib kelindi. Bu, oʻz navbatida, yangi tadqiqot va nashr ishlari uchun qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi.

Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi xalqaro munosabatlar ikki davlat rahbarlari tashabbusi va saʼy-harakati tufayli nafaqat yangi bosqichda rivojlanmoqda, balki yanada kengayib bormoqda. Bu, albatta, adabiy aloqalarimiz doʻstona rivojida ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Avgust oyida Toshkentda oʻtgan “Oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Rossiya Federatsiyasidagi adabiy nashrlar – “Inostrannaya literatura” jurnali bosh muharriri Aleksandr Livergant, “Literaturnaya gazeta” bosh direktori Aleksey Shavlov, bosh muharriri oʻrinbosari Anastasiya Yermakova, “Roman-gazeta” jurnali bosh muharriri Yuriy Kozlovlar ishtirok etdi. Bu nashrlar bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi muassisligidagi adabiy nashrlar – “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka”, “Yoshlik” jurnallari oʻrtasida hamkorlik shartnoma hujjatlarining imzolanishi, shubhasiz, adabiy aloqalarimiz rivojiga xizmat qilmoqda.

Adabiyot, sheʼriyat, shoirlar yoʻli azal-azaldan hamisha dunyoning eng yirik chorrahalarida kesishgan. Ammo shoir dahosi kichik bir oʻlka hududini dunyoning eng yirik shoirlari yoʻli kesishadigan nuqtaga aylantirishga qodir ekan. Aynan Rasul Hamzatov ijodi va shaxsiyati sabab Dogʻiston ana shunday adabiy markazlardan biriga aylandi.

Yaqinda Rossiya Federatsiyasining Dogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Dogʻiston Yozuvchilar uyushmasi taklifiga binoan Rasul Hamzatov tavalludining 95 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan XXXII Xalqaro “Oq turnalar kuni” festivalida ishtirok etish uchun ushbu diyorda boʻldik.

Dogʻistonda boʻlib oʻtgan tadbirlar davomida Maxachqaʼla shahri Tarki-Taudagi shoir qabrini ziyorat qildik. Ulugʻ shoir yashagan xonadonga tashrif buyurib, oila aʼzolari bilan uchrashdik. Rus drama teatrida boʻlib oʻtgan shoirning 95 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirda, “Sheʼriyat teatri”dagi “Ovul va butun jahon shoiri” mavzusida Rossiya sheʼriyat kechasida qatnashdik. Dogʻiston Yozuvchilar uyushmasida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etdik. Unda Rossiya Federatsiyasi Yozuvchilar uyushmasi raisi Nikolay Ivanov, Dogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Magomed Ahmedov va boshqa xorijiy va mahalliy yozuvchilar bilan adabiy aloqalarni rivojlantirish, oʻzaro tarjima ishlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha fikr almashildi. Barcha tadbirlar, xususan, Rasul Hamzatov tugʻilgan Xunzax tumanidagi Sada ovulidagi tantanalar, u tugʻilib oʻsgan xonadon – hozir uning otasi Dogʻiston xalq shoiri Hamzat Sadasa uy muzeyi barchada juda katta taassurot qoldirdi.

Biz Dogʻiston adabiyotidan koʻproq Hamzat Sadasa, Abu Tolib, Rasul Hamzatov, Fazu Aliyevalarni bilamiz. Aslida bu koʻp millatli adabiyot vakillaridan iborat gulzorda kishi koʻnglini sheʼriyatning muattar boʻylaridan bahramand etuvchi turfa chechaklar, Vatanning chin oshigʻi boʻlgan bulbullar juda koʻp. Sulaymon Stalskiy, Ali Kaziyev, Abdulla Magomedov, Xandulay, Tagir Xryugskiy, Omarla Batiray, Anxil Marin, Irchi-Kazak, Mahmud-Kozab-Roso, Yusup Xappalayev kabi qanchadan-qancha kuychilar, shoirlar, yozuvchilar oʻtgan. Ularning ijodi bilan tanishar ekanmiz, Rasul Hamzatov asrlar davomida oʻz anʼanalari, ramzlari, qadriyatlari asosida rivojlanib kelgan bir butun hikmatgoʻy va bulbulzabon Dogʻiston zaminida kamol topgani bejiz emasligini anglaymiz.

Dogʻiston Yozuvchilar uyushmasiga tashrif davomida Rossiyaning turli oʻlkalaridan va xorijdan kelgan adiblar bilan doʻstona tanishuv va adabiy aloqalarni rivojlantirish, har bir hududga xos tajribalar bilan tanishishga qaratilgan doʻstona suhbat boʻlib oʻtdi. Biz ularga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun Prezidentimiz tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi Milliy bogʻ hududida alohida milliy va zamonaviy meʼmorchilik anʼanalarini mujassamlashtirgan yangi bino qurib berilgani, unga yonma-yon hududda “Adiblar xiyoboni” tashkil etilgani, shunday yoʻlning narigi betida yozuvchilar uchun 120 xonadonli uy qurilgani, “Ijod”, “Ilhom” fondlari, “Doʻstlar klublari”, ijod maktablari, qoʻyingki, barcha-barcha oʻzgarishlar, adabiyot rivojiga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor haqida gapirib berdik. Ularning aksariyati bu boradagi Oʻzbekiston tajribasi xalqaro miqyosda oʻrganishga loyiq ekanligini, adabiyotni rivojlantirish borasida qator davlatlar uchun ibrat va namuna timsoli boʻlib xizmat qilishini eʼtirof etdilar.

Xuddi bizdagi kabi bu diyor xalqi ham adabiyot, sheʼriyatni non va suv kabi hayot uchun zarur neʼmat deb biladi. Negaki, xalqchil adabiyot hamisha xalq orzu-umidlari, dardu armonlari, quvonch-shodliklari bilan yashaydi. Xalq adabiyot tufayli, adabiyot esa xalq tufayli nafas oladi.

“Boshqa yozuvchilarning kutubxonalari kitoblarga toʻla, mening kutubxonam esa xalq bilan toʻla. Xalqdan olaman, xalqqa beraman”, deb yozgandi bir paytlar Rasul Hamzatov. Ustozlar, zamondoshlari taʼkidlaganidek, u barcha ulugʻ shoirlar singari olganidan koʻproq berdi. Shuning uchun ham shoirning asarlarida har bir togʻlik shoirdek gaplashadi. Har bir shoirning qalbida oʻsha togʻlik shivirlab turadi.

– Men fursatdan foydalanib oʻzbekistonlik doʻstlarimizga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman, – dedi Salixat Hamzatova. – Kecha teatrdagi chiqishingizdan nafaqat men, balki butun xalqimiz qattiq taʼsirlandi. Oʻzbek xalqini azaldan sheʼrsevar ekanligini bilardik. Otamni, uning ijodini Oʻzbekistonda qadrli va sevimli ekanini bevosita sizlardan eshitish biz uchun katta baxt. Toshkent viloyatida “Turnalar” monumenti oʻrnatilgani meni hayratga soldi. Siz tayyorlab kelgan otamning oʻzbek tilidagi sheʼrlarining yangi tarjimalari asosidagi “Oq turnalar” kitobi uchun ham rahmat aytmoqchiman. Chin yurakdan minnatdorman.

Dogʻiston Respublikasi bu koʻp millatli ahil oilani eslatadi. Unda turli millat va elat vakillari doʻst-qadrdon, quda-anda boʻlib yashab kelyapti. Har bir til, unda yaratilgan adabiyot, insoniyatning eng katta va nodir boyligidir. Har bir til oʻzi alohida bir dunyo. Shoir va yozuvchilar tufayli biz ana shu dunyoga kiramiz, qalban ulgʻayamiz, ruhan poklanamiz.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti granti, “Rossiya oq turnalar xalq birligi” maʼrifiy loyihasi boʻyicha “Koʻp tilli Rossiya sheʼriyati” rukni asosida turli millatga mansub ushbu yurt shoir va yozuvchilarining kitoblari chop etilayotgani barchani quvontirdi. Ayniqsa, bu rukndagi avar shoiralari Sabigat Magametova, Beku Meseda Rasulova, Qoʻmiq shoirasi Sheit-xonim Alisheva, dargʻin shoirasi Aminat Abdulmanopova, lezgin shoirasi Bilola Adilova, qabardin shoirasi Bati Balkizovalar ijodidan qilingan tarjimalar bu sheʼriyatning dunyo boʻylab taralishi uchun keng yoʻl ochadi.

Azim sheʼriyat tufayli bugun dunyoning qaysi bir burchagida boʻlmasin, Rasul Hamzatov desa Dogʻistonni, Dogʻiston desa Rasul Hamzatov eslashadi. U ana shunday buyuk muhabbat bilan nafaqat Dogʻistonni, Rossiyani, uning turfa xalqlarini, dunyo ahlini seva bildi, sevganda ham birini ikkinchisidan ayirmay, birini tepa, birini past, birini oq, birini qora demay sevdi. “Butun yer yuzi aholisini qulochimni keng olib bagʻrimga bosishni qanchalar istardim...”, derdi u. Uning olamga, insoniyatga boʻlgan sevgisi, ulkan muhabbat va eʼtirof boʻlib oʻziga qaytdi.

Togʻlar oʻlkasi Dogʻistonda boʻlib oʻtgan “Oq turnalar kuni” festivali, ezgulik, adabiyot, Rasul Hamzatov sheʼriyati dunyoning qanchadan-qancha mamlakatlaridan kelgan shoir va yozuvchilarni birlashtirdi. Qalblarni qalblarga, ellarni ellarga bogʻladi. Eʼtirof etilganidek, adabiy doʻstlik, abadiy doʻstlik uchun zamin boʻlib xizmat qilishi yana bir karra oʻz isbotini topdi.
Minhojiddin MIRZO,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
raisining birinchi oʻrinbosari

Manba: OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?