A.Burxanov: Korrupsiya masalasi barchani birdek tashvishga solayotgan, chuqur ildiz otgan illatligini juda yaxshi tushunaman

17:10 20 Iyul 2020 Jamiyat
509 0

Avvalambor, meni yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlanganim munosabati bilan bildirilayotgan tabriklar uchun barchaga minnatdorchilik bildiraman.

Korrupsiya masalasi barchani birdek tashvishga solayotgan, chuqur ildiz otgan illatligini juda yaxshi tushunaman.

Eslatib oʻtmoqchiman, ushbu Agentlik Oʻzbekiston uchun tamomila yangi tuzilma va tabiiyki, asosiy faoliyat bilan bir qatorda, tashkiliy masalalar, shu jumladan, jamoani shakllantirish masalasi ham kun tartibida turibdi.

Koʻpchilik ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarim va boshqa aloqa vositalar orqali menga korrupsiya holatlari yuzasidan murojaatlar yuborishmoqda va tezkor munosabat bildirishim yoki choralar koʻrishimni soʻrashmoqda. Shuningdek, Agentlikka ishga joylashish istagida boʻlganlar oʻzlari haqidagi maʼlumotlarni yubormoqdalar.

Shu munosabat bilan, quyidagilarni maʼlum qilmoqchiman:

Faoliyatimizning ilk kunidan fuqarolarning korrupsiya holatlari haqida Agentlikni xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus dasturni ishga tushirishga kirishdik.

Shuningdek, Agentlikka ishga qabul qilishning tanlovga asoslangan, shaffof tizimini yoʻlga qoʻyish ustida ish boshlandi. Nomzodlarni saralash jarayonini adolatli tashkil etish maqsadida (soha mutaxassislari, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat) maxsus komissiya tuziladi.

Yana bir bor aytaman, bu yangi faoliyat. Uni avvaldan toʻgʻri yoʻlga qoʻyishga harakat qilamiz. Shuning uchun ushbu tashkiliy masalalarni hal qilish uchun biroz vaqt talab etiladi.

Akmal Burxanov,
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?