“Abu Ali ibn Sino — Oʻzbekiston gʻururi va umumjahon merosi” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi

11:11 17 Avgust 2020 Jamiyat
265 0

Pandemiya bilan bogʻliq murakkab sharoitga qaramasdan dunyo hamjamiyati tibbiyot, ilm-fan rivojiga munosib hissa qoʻshgan buyuk olim Abu Ali ibn Sino tavalludining 1040-yilligini keng nishonlayapti. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Kecha, 16-avgust kuni Ibn Sino jamoat fondi “UzReport” telekanali bilan hamkorlikda Ibn Sinoning insoniyatga qoldirgan boy merosini chuqur oʻrganish, chet elda keng targʻib qilish maqsadida tabib, olim va faylasuf Abu Ali ibn Sino tavalludiga bagʻishlangan “Abu Ali ibn Sino – Oʻzbekiston gʻururi va umumjahon merosi” mavzusida xalqaro ilmiy-maʼrifiy videokonferensiya oʻtkazdi.

Videokonferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari boʻyicha agentligi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Oliy taʼlim muassasalari, Toshkent shahridagi Vestminster universiteti vakillari, Germaniya, Belgiya, Fransiya, Isroil, Turkiya, Hindistondan yetakchi mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdi.

Shuningdek, onlayn anjumanda 17 ta ilmiy maʼruzachi, xususan, 6 ta xorijiy maʼruzachi qatnashdi.

Ibn Sino akademiyasi prezidenti, professor Said Zillur Rahmon, (Xindiston), Ibn Sino xalqaro fondi prezidenti, professor Mixael Sach (Isroil), Avitsenna assotsiatsiyasi prezidenti, professor Mark Bonnel (Fransiya), Taʼlim boʻyicha YUNESKO aʼzosi, hakam, professor Amina Atxer, tibbiyot fanlari nomzodi Abdukarim Usmonxoʻjayev Ibn Sino jamoat fondi maslahatchisi, professor Jasur Rizayev va boshqalar Abu Ali ibn Sino merosining zamonaviy tibbiyot uchun dolzarbligini qayd etib, uning fan va zamon ehtiyojlariga moslashish kerakligini taʼkidlashdi.

Xalqaro videokonferensiya yakunida uning dolzarbligi, ilmiy-madaniy va siyosiy ahamiyati, Ibn Sino koʻp qirrali ilmiy merosini oʻrganish uchun davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi hamda tadqiqot faoliyatini moliyalashtirish zarurligi, publitsistik va ilmiy asarlar nashrini faollashtirish boʻyicha zarur takliflarni ishlab chiqishga kelishildi.

Taʼkidlash joiz, Ibn Sino tavalludining 1040-yilligiga bagʻishlangan tadbirga tayyorgarlik koʻrish doirasida oʻzbek, rus va ingliz tillarida tematik videoroliklar tayyorlandi.

Xalqaro videokonferensiya doirasida “Ibn Sino” jamoat fondi, “UzReport” telekanali va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?