“Abu Ali ibn Sino – Oʻzbekiston faxri va jahon mulki”

17:03 17 Avgust 2020 Jamiyat
492 0

Buyuk bobokalonimiz, ulugʻ alloma va mutafakkir, tabobat ilmi sultoni, faylasuf, matematik, ruhshunos olim, musiqachi, benazir shoir sifatida ilm-fanning 29 sohasi rivojiga munosib hissa qoʻshgan Abu Ali ibn Sinoning tavallud topganiga 1040-yil toʻldi.

Shu qutlugʻ sana munosabati bilan “Abu Ali ibn Sino – Oʻzbekiston faxri va jahon mulki” mavzusida xalqaro ilmiy-maʼrifiy onlayn anjuman boʻlib oʻtdi. Ibn Sino jamoat fondi tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadbirda Germaniya, Belgiya, Fransiya, Isroil, Turkiya, Hindiston va Oʻzbekistonning yetakchi mutaxassislari, deputatlar, ekspertlar, shifokorlar, farmatsevt, tarixchi olimlar, sharqshunos, faylasuf, biolog hamda kimyogarlar ishtirok etdi.

Maʼlumki, Abu Ali ibn Sino tarixda yorqin iz qoldirgan buyuk allomalarimizdan biri boʻlib, uning boy ilmiy merosi insoniyatga hamon gʻurur va iftixor bagʻishlab kelmoqda. Alloma Sharq va Gʻarb ilm-fani, maʼrifati, madaniyat taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatgani bois, oʻz davrida “Shayx ur-rais”, “Olimlar boshligʻi”, “Tabiblar podshohi” kabi yuksak maqomlarga sazovor boʻlgan. “Tib qonunlari” asari esa asrlar davomida tabobatning mufassal qomusi boʻlib qolmoqda.

Xalqaro anjumanda soʻzga chiqqan oʻzbekistonlik olimlar Abu Ali ibn Sinoning oʻz davridagi innovatsion gʻoyalari, tibbiyot falsafasi, xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlashdagi oʻrni, stomatologiya rivojidagi hissasi, axloqiy va tarbiyaviy qarashlari haqida maʼruzalar oʻqidi. Xorijlik soha mutaxassislari esa COVID-19 profilaktikasi va uni davolashda ibn Sino oʻgitlari, Yevropada Avitsenna ruhi va taʼsiri, Hindistonda ibn Sino merosini oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar haqida maʼlumotlar berdi.

Anjumanda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ham soʻzga chiqib, bobomizning bugun insoniyatga xizmat qilayotgan odob-axloqqa oid asarlari haqida gapirdi. Ibn Sino oʻzining axloq toʻgʻrisidagi asarlarida insonlar kundalik ishlarida kamtarlik, izzat-hurmat, jasurlik, toʻgʻrilik, sofdillik kabi axloqiy qoidalarga alohida eʼtibor berishlari zarurligini uqtirgani, tarbiyaning asosi boʻlgan bu fazilatlar ayni kunda mamlakatimiz umumtaʼlim tizimiga “Tarbiya fani”ni joriy etish boʻyicha tashabbus koʻrsatgan OʻzMTDP uchun ham nihoyatda qadrli ekanini taʼkidladi. Partiya ustuvor gʻoyalaridan kelib chiqqan holda xalqimiz milliy maʼnaviyatini ajdodlarimizning boy ilmiy merosi negizida yuksaltirish va dunyo miqyosida tanitish boʻyicha Ibn Sino xalqaro jamoat fondi bilan Memorandum imzolash rejalashtirilgani maʼlum qilindi

Tadbirda taʼkidlanishicha, partiyaning 2020-2024-yillarga moʻljallangan Saylovoldi dasturida Xalq tabobatini rivojlantirishning istiqbolli rejalarini ishlab chiqish, uni zamonaviy tibbiyot darajasiga yetkazishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy choralarni koʻrish, Oʻzbekiston Respublikasining “Xalq tabobati toʻgʻrisida”gi qonuni hamda Xalq tabobatini rivojlantirish Konsepsiyasini yaratish boʻyicha muhim vazifalar kiritilgan boʻlib, bu masalalarni amaliyotga joriy etishda anjumanda ishtirok etayotgan barcha tashkilotlar, olimlar bilan hamkorlik qiladi.

Tadbirda bunday ilmiy-amaliy anjumanni muntazam oʻtkazish va Abu Ali ibn Sino merosini tadqiq etishda soha mutaxassislari aloqalarini yana-da mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?