Abobakrxoʻja ota nega qishlogʻimizning rekordlar kitobiga kirgan?

15:37 23 Sentyabr 2020 Jamiyat
203 0

Tong otdi deguncha dalaga oshiqadigan dadajonim yaqinda qiziq gapni aytib qoldilar. «Sen shahardagi hammani maqola qilib yozyapsan. Nimaga oʻzimizni qishloqning odamlarini yozmaysan. Ertaga men bilan dalaga borasan. Abobakrxoʻja togʻangni tutzori bor. Shu tutzorni yozib chiqqin. Bizni dalalar ham bir gazetalarda chiqsin»... Ochigʻi, bu gaplarni tinglab, dadamning ijodimga befarq emasligidan quvongan boʻlsam, bir tomondan oddiy tutzorni nima deb yozish mumkinligi haqida oʻylab qoldim. Ammo, ertansi kuni dalaga borib, bekorga oʻylanganimni tushundim. Abobakrxoʻja otaning tutzori ham dadamning sholipoyalari tomonda ekan. Qiziq, dalaga shuncha borib, tut koʻchatlariga eʼtibor bermabman. Tutzor yonginasidan oʻtgan ariq boʻyida ota bilan suhbat qurdim. Bugun ana shu suhbatdan olgan xulosalarim va oltmish olti yoshida fermer xoʻjaligi tashkil qilib, unga boshchilik qilayotgan mehnatkash inson haqida hikoya qilaman.

Qahramonimiz Abobakrxoʻja ota Tolibov hech tinib-tinchimaydigan, serharakat, duogoʻy va nuroniy otaxonlardan biri hisoblanadi. Qaysi davraga kirib bormasin, alohida hurmat bilan qarshi olinadi. Notoʻgʻri gap aytayotgan, birovning ortidan gʻiybat qilayotgan kishini koʻrsa, dakki bermasdan oʻtmaydi. Shuning uchun ham u kishi boʻlgan davralarda faqat mazmunli mavzularda suhbat quriladi. Asli Fargʻonaning Yoyilma qishlogʻidan boʻlgan ota 2019-yili xonadoni atrofidagi daladan bir gektar yer olib, koʻchat yetishtirishga ixtisoslashtirilgan “Dunyobegim” fermer xoʻjaligiga asos solgan. Tasavvur qilyapsizmi, oltmish olti yoshda femerlikni boshlash kimning xayoliga kelibdi, deysiz. Otadan bu gʻayrat, bu kuchning sababini soʻraganimda shunday purmaʼno javob qaytardilarki, oʻsha fikrlarni oʻz holicha sizga ilinaman.

“ISHLAB DAM OLAMAN-DA”

“Bolaligimiz mehnatda oʻtgan. Qishlogʻimizda otamning otini bilmaydigan odam yoʻq edi. Hamma meni Orifxoʻja dehqonning oʻgʻli deb, yaxshi koʻrardi. Onam ham kamtar, kamsuqum ayol boʻlganlar. Maktabimizdagi ota-onalar yigʻilishida ustozlarning «Farzand tarbiyalashni Xafizaxondan oʻrganish kerak», deb aytganlarini ham eshitganman. Xullas, tartibli oilada mustahkam intizom bilan tarbiya koʻrganmiz. Otam hamisha halol yashashimizni, birovning qoʻliga qarab oʻtirmasdan mehnat qilishimizni, aka-ukalarga nisbatan mehr-oqibatli boʻlishimizni uqtirib oʻstirganlar. Shu sababli ham mehnatni yaxshi koʻraman. Jim oʻtirishga sabrim chidamaydi. Hamma oʻtirib, yotib dam olsa, men ishlab dam olaman-da, bolam”, - deydi “Dunyobegim” fermer xoʻjaligi rahbari.

AʼLOCHI INSONLAR

Suvlari bir-biri bilan quvlashmachoq oʻynayotgan ariq boʻyida oʻtirib, dala shabadasida raqsga tushayotgan tut koʻchatlariga qarab dilim yayradi. Chindan ham insonning qoʻli gul ekan. Halol mehnat bilan qoq dala markazida tutzor bunyod etish ancha-muncha yoshlarning qoʻlidan kelmaydigan ish. Lekin hali baquvvat boʻlgan Abobakrxoʻja otaga nisbatan keksaygan degan taʼrifni berib boʻlmaydi. Eng asosiysi, otaning yuragi, shijoati va gʻayrati qarimagan. Uch farzandning otajoni, oʻn nabiraning mehribon bobojoni boʻlgan qahramonimizning oʻgʻillari Avazxon aka maktabda informatikadan dars beradi. Bugun oʻz qoʻrgʻonlarida kelinlik vazifani astoydil bajarayotgan, Abobakrxoʻja ota bilan Poshshaxon onalarning bergan tarbiyalarini oqlayotgan Nargiza va Arofat opalar ham hamshiralikka oʻqishgan. Umuman olganda qishloqning ziyoli oilasi boʻlgan bu xonadonga hammaning havasi keladi. Havas qilsa arzigulik qoʻrgʻon qurish esa, oson emas. Buning uchun hayot maktabidagi sabr-bardosh, ishonch, sadoqat, mehr-muhabbat, adolat va saxovat, tafakkur va yaxshilik fanlaridan faqat aʼlo baholarga oʻqigan boʻlish kerak. Demak, fermer ota va ularning mehnatkash rafiqalari Poshshaxon ona ana shunday aʼlochi insonlardan ekan.

OTAXONNING OLTIN FALSAFASI

Yana bir qiziq maʼlumot borki, uni aytish joiz deb oʻylayman. Odatda koʻpchilik bozordan tayyor koʻchatlarni olib kelib, oʻz hovlisiga, bogʻiga, tomorqasiga ekishadi. Ammo koʻchatni urugʻdan undirishning gashti ham, mehnati ham, shunga yarasha zahmati ham oʻzgacha. Sergʻayrat qahramonimiz oʻz dalasidagi oʻttiz ming tup tut koʻchatini urugʻdan yetishtirib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirmagan boʻlsalar-da, ularning ismi qishlogʻimizning rekordlar kitobida katta harflar bilan yozilgan. Oʻttiz ming tup koʻchatni qoʻl bilan yozish yo til bilan aytish, xayol qilish oson, ammo undirish, parvarish qilish, ularga mehr berish biz oʻylaganchalik oddiy ish emas. Umri davomida bir tup koʻchat ekmay oʻtgan qancha insonlarni bilamiz. Shaharlarda koʻchat ekish nimaligini bilmasdan qanchadan qancha bolalar tarbiyalanyapti. Ehhe, ularning son-sanogʻi yoʻq. Abobakrxoʻja ota esa, nabiralarini tabiatga, xususan koʻchatlarga mehribon, mehnatkash qilib tarbiyalagan. Fermer ota “Farzandlarga bolalikdan mehnat qilishni oʻrgatish – mukammal tarbiyaning oltin koʻrinishdagi debochasidir”, degan hayotiy falsafaga amal qilib yashaydilar.

HAR SOHADAN BIR SHINGIL

Bolalik paytlarida agronom boʻlishni orzulagan qahramonimiz shu kunga qadar bosib oʻtgan hayot yoʻllari davomida bogʻbon, shofyor, traktorchi, yordamchi qishloq xoʻjaligi raisi, sholikor, dehqon kabi kasblarda halollik bilan mehnat qilgan. Har sohadan bir shingil ilm olib, bugun yerning tilini biladigan, zamin bilan sirlashadigan, dala sharoitida qaysi koʻchatni eksa, qanday natija olish mumkinligi boʻyicha mutaxassis boʻlgan fermerga aylanib turibdilar. Bugungi kunda qahramonimizni izlab mahallamizga boshqa tumanlardan, hatto boshqa viloyatlardan ham mehmonlar kelishadi. Tut koʻchatini yetishtirish ilinjida boʻlganlarga ota oʻz maslahatlarini, koʻmak va koʻrsatmalarini beradi. “Biz ham oʻrganganmiz, demak, boshqalarga ham oʻrgatishimiz kerak”, -deydi tinib-tinchimas fermer.

KOʻCHATLARNING OʻZLARI AYTADI

Otaning yana bir yaxshi odatlari bor. Abobakrxoʻja ota atrof yorishishi bilan ertalabki nonushtani ham qilmasdan dalaga borib, tutzor oralab, koʻchatlar bilan gaplashib kelarkan. Ha, toʻgʻri oʻqidingiz, fermer ota koʻchatlarning tilini bilarkan. Bu haqda ularning oʻzlari shunday deydi: “Aslida hamma ertalabki mashqlarni oʻz vaqtida bajarishi kerak. Mashq qilgan kishi ham sogʻlom, ham yaxshi kayfiyatda boʻladi. Mening ertalabki mashgʻulotim shu – dalaga borib, koʻchatlardan xabar olishda. Bu koʻchatlarni bugungi holiga keltirish oson boʻlgani yoʻq. Ayniqsa, urugʻidan undirish hazilakam ish emas. Avvaliga urugʻ olish uchun “Onalik maydoni”ni tashkil qildik. Pishgan tut mevasidan urugʻ olgandan keyin, ularni yaxshi niyat bilan yerga qadadik. Shu sababli bu nihollar, bu tut koʻchatlari oʻz bolalarimday boʻlib qolgan. Tong saharda kelsam, koʻchatlarim menga qarab salom berganday, ketadigan boʻlsam “Yaxshi boring”, deganday boʻladi. Qachon suv quyish, qachon oʻgʻit berish kerakligini ham koʻchatlarning oʻzlari aytishadi. Ularga mehrim tushib qolgan”.

Yaxshi niyatlar bilan fermerlikni boshlagan, bu gʻayrati bilan koʻpchilik yoshlarga, nafaqat yoshlarga, balki hammaga oʻrnak boʻlgan qahramonimiz birinchi yilgi daromadni qirq million deb koʻzlab turibdilar. Mana sizga mehnatning natijasi. Niyatimiz Abobakrxoʻja ota Tolibov kabi mehnatkash insonlar doim sogʻ-salomat boʻlsin. Otaga kelgusida olinajak daromadlardan Haj ziyoratlariga ham borib kelish nasib qilsin. Yerga nihol qadagan insondan yomonlik chiqmaydi. Oramizda yaxshilar koʻpaysin. Ular yaxshilik qilishdan, biz yozishdan charchamaylik. Shunday yaxshi mavzu topib berganlari uchun dadajonimga ham rahmat!

Yorqinjon HAYITBOYEV,
Guliston davlat universiteti talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?