Abituriyentlar imtihonlarsiz toʻlov-kontrakt asosida OTMga qabul qilinishi mumkin. “Adolat” SDP Hukumatga oliy taʼlim boʻyicha takliflar yubordi

18:53 23 Avgust 2020 Jamiyat
967 0

“Adolat” SDP Hukumatga oliy taʼlim sohasi boʻyicha takliflar yubordi.

"Respublikamizning olis tuman va shaharlarida istiqomat qiluvchi, kundalik daromadi bugungi kunda cheklangan fuqarolar tomonidan farzandlarining oliy taʼlim olishi bilan bogʻliq muammolar qoʻyilmoqda. Ushbu masalalar pandemiya davrida oʻta muhim boʻlganini hisobga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi Hukumatga bir qator takliflar taqdim etdi:

Birinchidan, birinchi mutaxassisiligi boʻyicha kunduzgi oliy taʼlimda oʻqigan va ikkinchi mutaxassislik boʻyicha sirtqi taʼlimga hujjat topshirgan ayniqsa, pedagogika sohasi boʻyicha abituriyentlar uchun imtihon va suhbatlar oʻtkazmasdan, toʻlov-kontrakt asosida qabul qilish tizimini yoʻlga qoʻyish. Maʼlumki, hozirgi kunda mamlakatimizda oliy taʼlimga ega pedagogik kadrlar yetishmasligi aniq, faqat oʻrta maktab tizimida faoliyat olib borayotgan pedagoglarning 40 foizga yaqinini oʻrta maxsus maʼlumotga egadir.

Ikkinchidan, pandemiyaning davriyligini inobatga olgan hamda xorijiy tajribaga asoslangan holda barcha OTMlarda talabalar uchun oyma oy toʻlov tizimini joriy etish hamda toʻlovni muayyan muddatga kechiktirib toʻlash imkoniyatini yaratish.

Uchinchidan, maxsus sirtqi taʼlimni nafaqat pedagogika yoʻnalishida, balki barcha taʼlim yoʻnalishlari uchun joriy etish maqsadga muvofiq. Bu bilan korxona va tashkilotlar uchun xodimlarining oliy maʼlumotli boʻlishlariga imkon yaratiladi.

Toʻrtinchidan, oliy taʼlim muassasalariga maqsadli qabul tizimini muayyan tuman va shaharlar uchun emas, balki cohalar ehtiyojidan kelib chiqqan holda tarmoqlar boʻyicha joriy etishni yoʻlga qoʻyish. Hozirda bu tizim Respublikaning olis hududlarga zarur boʻlgan tibbiyot va pedagogika yoʻnalishlari uchun joriy etilgan.

Beshinchidan, Taʼlim tizimiga masofaviy oʻqish turini joriy etilishi sababli qoʻshni davlatlarda sirtqi va masofaviy taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik yoshlarning, bugungi pandemiya sharoitida, 2021-2022 oʻquv yilda oʻqishini yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalariga koʻchirishiga imkon yaratish.

Va oltinchidan, Pandemiya davrini hisobga olgan holda 2020-2021 oʻquv yilida foizsiz taʼlim kreditini berish amaliyotini yoʻlga qoʻyish. Bunda Vazirlar Mahkamasining “Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari berish toʻgʻrisida”gi qarorining birinchi bandida belgilangan imtiyozni, yaʼni nol foiz stavka bilan kredit ajratish tizimini joriy qilish.

Oʻzbekiston “Adolat” SDP mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi, koʻplab oliy taʼlim olish istagidagi yoshlarimizga qoʻshimcha imkoniyat yaratib berish bilan bir qatorda, hozirgi pandemiya davrida talaba yoshlarning bilim olishini uzluksiz davom ettirish imkoniyatini beradi, deb hisoblaydi", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?