Abituriyent eʼtirozi: “Qachongacha imtiyozga ega yoshlar sabab oʻqishga kira olmaymiz?”

15:13 19 Iyul 2019 Jamiyat
983 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlari yoʻlida sezilarli darajada ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasi oliy taʼlim muassasalaridagi qabul jarayonlarida ham oʻz aksini koʻrsatmoqda.

Abituriyentlarning uchta oliygohga imtihon topshirish imkoniyati yaratilganligi, kechki va sirtqi oʻquv shaklining yoʻlga qoʻyilganligi, sinov natijalardan qoniqmagan yoshlarning apellyatsiyada oʻz fikrlarini ochiq-oydin va erkin bildira olishi, imtihonlardagi shaffoflikning taʼminlanishi kabi oʻzgarishlar kattayu kichikni birday shod etayotgani sir emas. Hatto bu yilgi abituriyentlar orasida 60-70 yoshdan oshgan talabgorlarning ham borligi koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Albatta, bu qabul jarayonining yaxshilanayotganidan dalolat.

Ammo bu borada yana shunday holatlar ham borki, ayrim yurtdoshlarimizning eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Kuni kecha Oliy harbiy bojxona institutiga qabul imtihonlarining javoblari eʼlon qilindi. Fargʻona viloyati, Bagʻdod tumanidan ushbu oliygohga hujjat topshirgan abituriyent Dilyorjon VALIYEV imtihon natijalaridan norozi. Uning soʻzlariga quloq tutdik:

— Men oʻtgan yili Oliy harbiy bojxona institutiga oʻqishga topshirib, 193.3 ball bilan 28 oʻrinda oʻtgan edim. Ammo ajratilgan kvota 25 ta boʻlganligi bois oʻqishga kira olmagan edim. Oʻtgan bir yil mobaynida yanayam yaxshi tayyorgarlik koʻrib, bu yil ushbu oliygohning Bojxona huquqi yoʻnalishiga yana bir bor oʻqishga topshirdim va (maksimal 226.8 balldan) 204.7 ball (tarix-35ta, ona tili-34ta, ingliz tili-28 ta toʻgʻri javob) toʻpladim. Bu ball bilan men 6-iyul kuni chiqqan natijalarda 22 oʻrinda turganimni koʻrib, oʻqishga kirdim deb oʻylab, boshim osmonga yetgan edi! Ammo 13-iyulda chiqqan mandat jadvalida esa oʻqishga qabul qilinganlar roʻyxatida emasligimni koʻrdim... Roʻyxatda 9 ta harbiy imtiyozga ega abituriyentlar ismi turardi. Ular hech qanday imtihonda qatnashmagan, aytishlariga qaraganda, “Mard oʻgʻloni” mukofoti sovrindorlari hamda Temurbeklar maktabi bitiruvchilari ekan. Imtiyozga ega abituriyentlar uchun kvota alohida boʻlsa yaxshi boʻlar edi...

Ularning oʻqishga imtihonsiz qabul qilinishiga qarshi emasmiz. Biroq tartib shu tarzda davom etsa qolganlar qachon oʻqishga kiradi? Shuncha harakat qilib, oʻqib, yuqori ball olib ham oʻqishga kira olmasak yana nima qilish mumkin, hayronmiz...

Umid qilamizki, bu muammo ham tez orada oʻz yechimini topadi.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?