Abdusalom Azizov: Tojikistonda oʻtkazilgan oʻquv mashgʻulotlari tarixiy ahamiyatga ega

12:08 26 Sentyabr 2018 Jamiyat
1010 0
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

18—22 sentyabr kunlari Tojikistonning Soʻgʻd viloyatidagi “Choruxdayron” poligonida Oʻzbekiston va Tojikiston respublikalari qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari oʻrtasida hamkorlikda “Jangovar hamdoʻstlik—2018” oʻquv mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, mashgʻulotlarning asosiy qismini bevosita ikki mamlakat mudofaa vazirlari kuzatib bordi. Hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlarida jami 600 dan ortiq harbiy xizmatchilar, 100 dan ziyod turli tipdagi texnikalar ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizovning taʼkidlashicha, 5 kun davom etgan oʻquv-mashgʻulotlari ikki doʻstona armiya tarixida ilk bor oʻtkazilgan manyovrlar boʻlib, ular tarixiy ahamiyatga ega.

“Bugungi kunda dunyo va Markaziy Osiyo hududidagi vaziyat, xalqaro terrorchi guruhlar faolligining ortishi — bizni hushyor boʻlishga, qurolli kuchlarimizni doimo jangovar shay holatda turishga majbur qiladi. Biz yagona hududda yashaymiz, shuning uchun faqatgina birgalikda qilingan doʻstona harakatlar va harbiy qismlarning oʻzaro hamkorligi natijasida, terrorizmga qarshi chiqishimiz va uni yengishimiz mumkin”, — dedi Abdusalom Azizov.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Oʻz navbatida, Tojikiston mudofaa vaziri bugungi kunda Afgʻoniston shimolidagi vaziyat xavotir uygʻotayotganligini va ehtimoliy tahdidga qarshi birgalikda kurashishimiz lozimligini maʼlum qildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?