Lonely Planet: O‘zbekiston — Osiyoning eng sayhatbop manzili

21:35 11 Iyul 2018 Jamiyat
355 0
Illyustrativ foto

Dunyoga mashhur Lonely Planet jurnalida “Osiyodagi sayohat uchun eng maqbul joylar reytingi” e’lon qilindi.

Qayd etish joizki, 1972 yili Avstraliyada tashkil qilingan mazkur jurnal turizmga ixtisoslashtirilgan nashr hisoblanadi. U 2007 yildan “BBC Worldwide” guruhiga kiritilgan. Har yili 500 dan ziyod nashrlar, kitoblar, qo‘llanmalar chop etadi.

O‘zbekiston ilk bor ushbu ro‘yxatga kiritilib, Janubiy Koreyadan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. E’tiborlisi, yurtimiz o‘zining jozibadorligi bo‘yicha Vyetnam, Yaponiya, Tailand, Nepal, Shri-Lanka, Xitoy va Indoneziya singari davlatlardan oldinda qayd etildi.

“Bu diyor muhtasham masjidlari, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab tarqalgan osoriatiqalari bilan sayyohlarni hayratga solib kelgan. Ammo yaqin vaqtgacha xorijliklar ushbu mamlakat haqida yetarli darajada bilmas edilar”, deb yoziladi “Lonely Planet” jurnalida.

Respublikamizda zamonaviy bosqichda turizm jabhasini rivojlantirish, sayyohlarga yangidan-yangi qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berar ekan, jurnalda shunday davom ettiriladi:

“2017 yilning so‘ngiga kelib mamlakat ulkan zafarlarga erishdi. Turizm sohasi chet elliklar uchun yangitdan ochildi desa, mubolag‘a bo‘lmaydi. Viza tartibining soddalashtirilishi, elektron vizalarning joriy qilinishi, ba’zi davlatlar fuqarolari uchun vizasiz tartibning yo‘lga qo‘yilishi muhim voqealardan bo‘ldi. Yangi havo yo‘nalishlarining ochilishi, temir yo‘llar tarmog‘ining kengayishi ko‘hna shaharlarga borish uchun keng imkoniyatlar yaratdi”.

Nashr tahlilchilarining fikricha, respublikamizda kechayotgan ijobiy jarayonlar uning sayyohlik imkoniyatlari va mehmondo‘stlik an’analarini dunyoga yangi jihatdan ochishga xizmat qilayotir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?