Bo‘stonliq tumani IIBning tovlamachi xodimlariga jazo tayinlandi

15:54 16 Iyul 2018 Jamiyat
611 0
Illyustrativ foto

Bo‘stonliq tumani IIB xodimi Sanjar Bekov va uning jinoiy sherigi Jo‘ra Vositovlarning (ism va familiya o‘zgartirilgan) jinoyat sodir etganlikdagi ayblari inkor qilib bo‘lmas dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Parkent tumani sudi ularga nisbatan qonunda belgilangan jazoni tayinladi.

Sobiq IIB xodimlari giyohvandlik moddalarini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotgan Sherzod Hamroyevni ushlaganliklaridan so‘ng uning sheriklarini qo‘lga olish yo‘li bilan mo‘may pul undirish rejasini ishlab chiqdilar. Buning uchun giyohvandlik moddalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan to‘da a’zolarini qidirib topdilar. Avvaliga Sherzod va uning hamtovoqlaridan marixuana moddasi hech qanday hujjat rasmiylashtirilmay, olib qo‘yildi. Keyin esa ishni “yopdi-yopdi” qilishi uchun pul undira boshladilar.

To‘da a’zolaridan “qamayman” deb dastlab 500 AQSH dollari, keyinroq 300 AQSH dollari oldilar. Bu ish surunkali davom etdi. Keyingi “tergov”da 500 ming so‘m so‘raldi. So‘roq berayotganlar ham anoyilardan emas edi. Ular xodimlarning pul undirish bilan bog‘liq talablarini audio tasmaga yozib bordilar.

Navbatdagi pul talabidan so‘ng sabr-kosasi to‘lganlar voqeani tegishli tashkilot vakillariga yetkazishdi. Ikki xodim 200 ming so‘m pulni pora tariqasida olayotganlarida qo‘lga olindilar. 

Sud kursisida o‘tirganlar giyohvand moddalar bilan savdo-sotiq qiluvchilar emas, qonun himoyachilari hisoblangan IIB xodimlari ekanliklari juda achinarlidir.
Rahmatilla SHЕRALIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?