Fraksiyalar nega bahsga kirishib ketdi?

09:50 27 Iyul 2018 Siyosat
313 0
Illyustrativ foto

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor bir qator dolzarb qonun loyihalari ko‘rib chiqilgan edi. Kun tartibiga kiritilgan masalalardan biri “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51(1)-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, ayniqsa, quyi palatadagi barcha siyosiy partiya fraksiyalari o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘ldi.

Oliy sud tomonidan kiritilgan mazkur qonun loyihasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan to‘sqinliksiz foydalana olishini ta’minlash bo‘yicha talablarini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yuqoridagi kabi qulayliklarni yaratish bo‘yicha talablarni bajarmaslik — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n besh baravaridan (amalda o‘n baravar) yigirma baravarigacha (amalda o‘n besh baravarigacha) miqdorda, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravaridan (amalda o‘n besh baravar) qirq baravarigacha (o‘ttiz baravar) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishini ko‘zda tutadi.

Muhokamalar chog‘ida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari nogironligi bo‘lgan shaxslar davlatimiz, jamiyatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelayotganini ta’kidlash bilan birga, masalaning boshqa jihatlariga ham e’tibor qaratdilar. Xususan, mazkur loyihani qabul qilishdan avval jamiyatimizning bunga tayyorligi hamda shart-sharoitlarni ham hisobga olish maqsadga muvofiqligini qayd etdilar. Ayni paytda bu qonun loyihasi qabul qilinsa, tadbirkorlar, ayniqsa, bugungi kunda ko‘pchilikni tashkil etadigan kichik biznes subyektlari hamda yirik bo‘lmagan ijtimoiy infratuzilma obyektlari egalari uchun qator muammolar kelib chiqishi mumkin. Hozirgi kunda ayrim davlat idoralari hamda tadbirkorlik subyektlari ko‘p qavatli uylarda, baland qavatlarda joylashgan. Fraksiya a’zolarining fikricha, deylik, moslashtirilmagan, ilgaridan loyihalashtirib bo‘lingan bunday bino va inshootlarda faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘sqinliksiz foydalanishda barcha imkoniyatni yaratib berishningimkoni mavjud emasligini hisobga olish lozim. Fraksiya a’zolari qonun loyihasida mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanchlaridan hisoblangan tadbirkorlik subyektlarining manfaatlari ham, albatta, inobatga olinishi lozimligini bildirdilar. Shuningdek, qonunning amaldagi normalarini qoldirish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari esa mazkur qonun loyihasi mamlakatimizning insonparvarlik siyosatiga hamohang tarzda nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishini aytdilar. Biroq hozirgi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan foydalanishdagi muammolar tufayli elektorat vakillari barcha fuqarolar kabi teng imkoniyatga ega emasligiga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, qonun loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsad jarima miqdorini ko‘paytirish emas, balki nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda teng sharoitlarni ta’minlash, ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan to‘sqinliksiz, erkin foydalanish imkonini yaratishga qaratilganini qayd etib, loyihani qo‘llab-quvvatlash taklifini bildirdilar.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari qonun loyihasining jarima solish amaliyoti va mexanizmi xususida to‘xtalib o‘tishdi. Qonun loyihasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan to‘sqinliksiz foydalana olishini ta’minlash bo‘yicha talablarini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolati Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat bo‘yicha davlat texnik inspektorlari va mehnat shart-sharoitlari davlat ekspertizasi mansabdor shaxslariga berilmoqda. Holbuki, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish masalalari bilan sobiq Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi shug‘ullangan. Keyinchalik esa bu vakolat Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘tkazilgan. Shunday ekan, fraksiya a’zolarining fikricha, nogironligi bo‘lgan shaxslarga munosib sharoit yaratilishi ustidan nazorat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasifraksiyasi a’zolari masalaning mamlakatimiz aholisi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini hisobga olib, keng jamoatchilik fikrini ham o‘rganish lozimligini qayd etdilar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida bu borada Vazirlar Mahkamasiga qator vazifalar belgilab berilgani, avvalo, mazkur vazifalarning ijrosi qay tariqa bajarilayotganini o‘rganish yuzasidan Hukumatga so‘rov yuborish maqsadga muvofiq, degan yakdil fikrga keldilar.

Fraksiyalararo bahs-munozaralar “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51(1)-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi shoshmashosharlik bilan, palapartish qabul qilib bo‘lmaydigan hujjat ekanini, masalani har tomonlama chuqur o‘rganish, mavjud sharoitlarni hisobga olish foydadan xoli emasligini ko‘rsatdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?