9 oyda xorijdan Oʻzbekistonga qancha dollar yuborilgani maʼlum boʻldi

11:48 10 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
335 0

Markaziy bank axborot xizmati joriy yilning 9 oyidagi ichki valyuta bozoridagi holat va 2020-yil yakuniga qadar kutilayotgan tendensiyalar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, soʻnggi ikki oy davomida karantin bilan bogʻliq cheklovlarning yumshatilishi hamda iqtisodiy faollikning asta-sekinlik bilan tiklanib borishi taʼsirida ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga boʻlgan talabning nisbatan yuqori darajada boʻlishi kuzatildi. Bu asosan karantin sharoitlarida qondirilmagan talabning maʼlum bir kechikish orqali yuzaga chiqishi bilan izohlanadi.

2020-yilning yanvar-sentyabr oylari davomida ichki valyuta bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan jami 10,7 mlrd. dollarlik xorijiy valyuta sotib olindi. Mazkur davrda ichki valyuta bozorida xorijiy valyutadagi umumiy taklif hajmi 7,0 mlrd. dollarni tashkil etib, qolgan 3,7 mlrd. dollarlik talab esa Markaziy bankning intervensiyalari hisobiga toʻliq qondirildi.

2020-yilning 9 oyi davomida xalqaro pul oʻtkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valyuta mablagʻlari hajmi 4,3 mlrd. dollarni tashkil etdi. Sentyabr oyida pul oʻtkazmalari miqdori 638 mln. dollarga yetib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 8 foizga oshdi. Bu oʻz navbatida, xalqaro pul oʻtkazmalari hajmining muvozanatlashib borayotganligidan dalolat beradi.

Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali sotilgan chet el valyutasi miqdori 3,2 mlrd. dollarni tashkil etib, ayni paytda ular tomonidan 2,9 mlrd. dollar sotib olindi.

Hozirgi kunda jismoniy shaxslar bilan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari kassalarida naqd xorijiy valyuta qoldigʻi 480-550 mln. dollar miqdorida boʻlishi taʼminlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?