9 oyda biznes-loyihalarga milliardlab imtiyozli kreditlar ajratilgan. Lekin yetarli ish oʻrni yaratilmagan?

16:49 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
69 0

2019-yil 29-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha Komissiya majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Davlat dasturida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha 2019-yilning 9 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi vazifalar va 2020-yildagi Davlat dasturiga kiritish uchun takliflar muhokama etildi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Majlisda Komissiya aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, Davlat dasturiga kiritilgan har qanday masala mamlakat taraqqiyoti, yurtdoshlarimiz hayotining farovonligi va kelgusi avlodlarning barkamol ulgʻayishi uchun gʻoyat zarur. Shu boisdan undagi har bir topshiriq ijrosi jiddiy yondashuvni talab etadi.

Jumladan, Davlat dasturining 221-bandida 1-iyulga qadar 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab davlat buyurtmasi va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt tizimini bosqichma-bosqich joriy etish orqali oliy taʼlim muassasalarini oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish, ularga moliyaviy masalalarda mustaqillik berish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Prezidentimizning 2019-yil 11-iyuldagi tegishli qarori bilan taʼlim maskanlarini yangi tizimga oʻtkazish tartibini tayyorlash muddati 2019-yil 1-oktyabrga qadar uzaytirilgan. Biroq shunga qaramasdan topshiriq ijrosi hamon taʼminlanmagan.

Davlat dasturining 231-bandida “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga 2 trln. soʻm sarflanishi va 50 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi qayd qilingan. 2019-yilning oʻtgan 9 oyi mobaynida 1 848 ta biznes-loyihaga jami 412 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratish orqali bor-yoʻgʻi 7 778 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Ijrosi uchun Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari masʼul boʻlgan ushbu muhim vazifa bajarilmay qolayotgani jiddiy izoh talab qilishi majlisda alohida taʼkidlandi. Qayd etilganidek, komissiyaning oʻtgan majlisida ushbu masala muhokama etilib, qabul qilingan qarorda mutasaddilarga alohida topshiriqlar berilgan, lekin hanuz amaliy natija koʻrinmayapti.

Majlisda bu va boshqa kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, Davlat dasturida belgilangan va ijrosi qoniqarsiz boʻlgan vazifalar uchun masʼul idoralar mutasaddilarining javoblari eshitildi.

Shuningdek, 2020-yildagi Davlat dasturining Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga kiritish uchun tayyorlangan takliflar haqida soʻz yuritildi. Taʼkidlanganidek, bu borada tegishli vazirlik va idoralarga murojaat qilinib, 100 ga yaqin taklif olindi. Xususan, sogʻliqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari, oliy va oʻrta maxsus taʼlim, innovatsion rivojlanish, jismoniy tarbiya va sport vazirliklari hamda Respublika xotin-qizlar qoʻmitasidan asoslantirilgan takliflar qabul qilindi. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Xotin-qizlar qoʻmitasi masʼul ijrochilari bilan ishchi guruh tashkil qilinib, har bir mulohaza atroflicha muhokama etildi va yakunida yagona xulosaga kelinib, takliflar Prezident Administratsiyasiga kiritildi.

Jumladan, 2020-yil uchun aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlari tashkil etish davlat buyurtmasini ishlab chiqish, tegishli milliy professional standartlarni amaliyotga joriy etish lozimligi qayd etildi. Ushbu sohaning meʼyoriy-huquqiy negizini mustahkamlash uchun bir qator yangi hujjatlar, shu jumladan “Mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish, Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish kiritish zarurligi taʼkidlandi.

Sogʻliqni saqlash sohasida tibbiy xizmat sifatini yaxshilash va koʻlamini kengaytirish maqsadida davolash-profilaktika muassasalarini jihozlash, xususiy tibbiyot xizmati sohasini yanada rivojlantirish, tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda rivojlangan mamlakatlarning oliy tibbiy taʼlim muassasalarini keng jalb qilish borasida takliflar bildirildi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha Komissiyaning qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?