9 may — Xotira va Qadrlash kuni: Oʻzbek udumlari oshuftasi

15:15 02 May 2019 Madaniyat
817 0

Taniganimdan soʻng oradan yillar oʻtsa hamki, oʻsha-oʻsha bir xil, orasta kiyingan, labida nimtabassum bilan koʻzlari kulib boqib turadigan Mahmud aka bilan qayerda boʻlmasin koʻrishib qolsak, gap aylanib uning “Oʻzbek udumlari” kitobi ham, albatta, eslanar edi. Toʻgʻri, Mahmud Sattorov koʻpchilik eʼtirof etganidek, jurnalist, olim sifatida qator asarlar yozgan, noshir sifatida boshqalarning kitoblari chop etilishiga koʻmaklashgan, ammo “Oʻzbek udumlari” koʻz oʻngimda yoʻrgaklanib, tetapoya qilib, ulgʻayib, oʻziga-oʻzi mustaqil yoʻl topib ketgani bois unga daxldorligimni eslatib qoʻyishni muallif aslo unutmasdi.

Oʻtgan asrning saksoninchi yillari oxirlarida boʻlsa kerak, avvalgi “Yulduzcha”, hozirgi Choʻlpon nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyida oʻz nomi bilan ijod qaynab-toshar, eng kami 30 ming, bu yogʻi 60 ming, hattoki 120 ming nusxada chop etilayotgan kitoblar qoʻlma-qoʻl boʻlib, xalqimiz orasida tarqalib ketar edi. Oʻsha mahallarda boshqa turdosh muassasalarda boʻlgani kabi anʼanaga koʻra, bizning nashriyotimizning ham asosiy rahbarlari taniqli ijodkorlar, shoir-yozuvchilardan iborat boʻlgan.

Nashriyot rahbari ijodkor boʻlsa, haqiqiy asarlarning saviya-bahosini yaxshi biladi, nimani chiqarsam ekan, deb bosh qotirib yurmaydi yoki qoʻliga tushgan maza-matrasiz bitiklarni ham kitob qilib chop ettirib, oʻquvchi didining oʻtmaslashib-toʻmtoqlashib ketishiga yoʻl qoʻymaydi. Qisqasi, oʻsha saodatli kunlarning birida xonamizga oʻzi kabi ingichkagina qoʻlyozma koʻtarib Mahmud Sattor kirib keldi. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, u boʻlim mudirimiz bilan qalin oshna ekan. Ammo boshqalarning koʻzi uchun boʻlsa kerak, mudirimiz oʻshanda uni sipolik bilan qarshilab, qanday qoʻlyozma olib kelganini soʻradi. Mahmud aka aytdi. Boʻlim mudirimiz oʻrnidan turib, boshi bilan, yuring, ishorasini qilgancha uni ortidan ergashtirib, xonadan olib chiqdi. Koʻp oʻtmay meni Bosh muharrir oʻrinbosari Tohir Malik yoʻqlayotganini aytishdi.

— Bu qoʻlyozmaning mavzusi yaxshi ekan, — dedi Tohir aka odatdagi bosiqlik bilan. — Muallif bilan ishlang, hali oldinda istagancha vaqt bor, keyingi yilning rejasiga kiritamiz.

Shu bahonada Mahmud Sattorov bilan tez-tez uchrashib turadigan boʻldik. U kishi juda dilkash, davralarni sevadigan, yaqinlariga, ayniqsa, ustozlariga sadoqati balandligi bilan ajralib turardi. Asta-sekin qadrdonlashib ketganimizni sezmay qoldik va hatto, dam olish kunlarida ham uchrashib, Mahmud akaning “Volga”sida yovvoyi sayohatlarga ham chiqib turadigan boʻldik. Mahmud aka joʻyali taklifga hech qachon rad javobini bermas, fursati boʻlmagan taqdirda ham koʻngil olish yoʻlini bilar edi. “Bilar edi” deyapmanu, bu ibora oʻrniga tushmayotgandek, nafsilamrini aytganda, u insonlarga cheksiz mehr-muhabbati tufayli barcha bilan barobar edi.

Endi-endi uzumlar gʻoʻra boʻla boshlagan paytida bir kuni Mahmud aka qoʻngʻiroq qilib:

— Gʻoʻrob degani nima ekanligini bilasizmi? — deb qoldilar dabdurustdan tomdan tarasha tushgandek.

Hech eshitmagan edim. Nima deyarimni bilmay chaynalib qolganimni payqab:

—Kecha Kitobdan keldim, — deya tushuntirish bera boshladi. —Bizning joylarimiz Hazrati Bashir togʻiga yaqin, Qashqadaryo daryosi bosh oʻzanining ikki sohilida joylashgan. Palandara deb eshitganmisiz?

Mening oʻylanib qolganimni sezgan Mahmud aka, Palandaraning lugʻaviy maʼnosi yoʻlbarslar darasi ekanligini aytib, oʻzining ham oʻsha qishloqdan ekanligini bildirdi.

— Sizning ham jimgina yurib qoʻqqisdan katta bir ishlarni boshlab yuborishingiz shuning uchun ekan-da, — dedim hazillashgim kelib.

Ammo Mahmud aka buni jiddiy qabul qildi.

— Toʻgʻri aytasiz, — dedi maʼqullab. — Yoʻlbarsdara deyishadi, yoʻlbarslar yurgan yoʻl ham deyishadi, nasib qilsa, bir olib boraman, oʻz koʻzingiz bilan ham koʻrib, qoyil qolasiz. Men sizga aytayotganim gʻoʻrob degani ham faqat bizda tayyorlanadi, uzumning pishmagani — gʻoʻrasining suvi, yarim litrlik butilkaga solib kelganman, oʻziyam ishtaha ochar zoʻr narsa, ertaga Ikromjonni topib, shuni birgalikda baham koʻrsak devdim.

U-bu bahona topib paysalga solishimni payqab qoldimi, Mahmud aka beozor ohangda:

— Vaqtingizga qarang, — dedi koʻngilga boqayotgandek. — Ammo-lekin atab olib kelganman, qachon boʻlmasin, uchchovimiz shu gʻoʻrob bahonasida bir gurunglashamiz deganman.

Kelgusi dam olish kunida Ikrom Otamurod hamrohligida Mahmud akaning “Volga”sida Toshkent shahridan chiqaverishdagi, Qozogʻiston Respublikasi hududidagi “Cherneyavka” tomon ketdik. Gʻoʻrobning nimaligi, qanaqa tayyorlanishidan boshlangan suhbatimiz general Cherneyayevning kimligi, qanaqa bosqinchiliklar qilganiga ulanib ketdi. 1865 yili 17 mayda Toshkent shahri chor qoʻshini sarkardasi general Cherneyayevga taslim boʻlgani, bosqinchining sharafiga hozirga qadar mana shu joy “Cherneyavka” deb atalishi borasida ham talay gaplar qilindi. U mahallarda, hali bir kuni kelib, mustabid tuzumdan qutulib, mustaqil boʻlamiz desa, birov ishonmas edi. Ammo peshqadam shoir-yozuvchilar, ijodkorlar endi eskicha yashay olmaslikdan tashqari eskichasiga yashashni xohlamasliklarini ham oʻz asarlarida goh oshkora, goh pinhona namoyish eta boshlashgandi. Milliy til, erkin adabiyot, milliy qadriyatlar, urf-odatlar endi ijodiy mavzularning bosh yoʻnalishiga aylanib borayotgan kezlarda Mahmud Sattorov “Oʻzbek udumlari”ni yozishga bel bogʻlagani keyinchalik ham oʻzini oqlab, bu kitobga umrboqiylik baxsh eta oldi. Oʻshanda qizgʻin gurung ustida bildirilgan fikr-mulohazalarni Mahmud Sattorov diqqat bilan tinglab, ularning aksariyatini kitobiga kiritgan edi. Undan soʻng “Oʻzbekning gapi qiziq” toʻplami bevosita avvalgisining davomi sifatida dunyoga keldi.

Hujjatli filmlar ustasi Temur Ahmadxoʻjayev bir kuni “Oʻzbek udumlari”ni olib kelib, koʻrsatarkan:

— Bu kitob bilan tanishmisiz? — deb soʻradi.

Men unga kitobga muharrirlik qilganimni aytdim.

— “Oʻzbekkino”da shuni film qilib bering deyapti,— dedi Temur aka suyungandek. — Bir yigit bor ekan, chet ellar uchun, festivallarni moʻljallab koʻp qismli hujjatli filmlar tayyorlasak, deyapti.

— Taklifiga koʻndingizmi?

— Hayronman, — kift qisdi Temur aka oʻz odatiga koʻra bilib-tushunib turgan narsasini bilmaslik-tushunmaslikka olib. — Koʻp qismli film boʻladigan boʻlsa, bunga davlatning qanchadan-qancha mablagʻi ketadi, qandaydir festivalni koʻzlab emas, avvalo, oʻzimizning xalqimizga maʼqul boʻladigan film yaratishimiz kerak, desam, bu gapni unchalik yoqtirishmadi.

Mahmud Sattorov ham keyinchalik film yaratish borasida gʻalati tavsiyanomalarni eshitib, Temur akaning soʻzlarini qoʻllab-quvvatladi. Ularning har ikkisi ham bu olamni tark etishdi. Ikkisi ham oʻz xalqining dardu hasratlarini, quvonchu tashvishlarini yaxshi biladigan ijodkorlar, kamtarin insonlar edi. Temur Ahmadxoʻjayev oʻzi sevgan ulugʻ ajdodlarimiz, sport mavzularidan tashqari xalq udumlari borasida ham talay hujjatli filmlar yaratdi, u oʻzbek kinosi jahon kino sanʼati anʼanalaridan foydalangan holda yangi bosqichlarga chiqishini koʻrishni orzu qilgan haqiqiy kino ijodkor edi. Afsuski, uning orzulari ham orzuligicha qolib ketdi.

Oʻzbek udumlari oshuftasi Mahmud Sattorov kitoblaridagi mavzular xalqimiz hayotida qanchalik koʻp asqatsa, uning ruhi shunchalik shod boʻladi — chunki, u oʻzbek udumlarining haqiqiy oshuftasi edi!

 

Shoyim BOʻTAYEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?