9-iyun — Xalqaro arxivlar kuni

21:14 09 Iyun 2019 Jamiyat
515 0

Tarixning tilsiz koʻzgusi

Arxiv sizu biz koʻrmagan qadim tarixdan to bugungacha boʻlgan davrning tilsiz guvohidir. Soʻnggi yillarda ushbu murakkab sohaga eʼtibor tubdan oʻzgardi. Ayniqsa, “yopiq maʼlumotlar”ning ochilishi eng muhim voqealardan biri boʻldi, desak yanglishmaymiz.

Dunyoda har bir mamlakatning oʻz milliy arxivi bor. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi taklifi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, Oʻzbekiston Respublikasi kinofoto hujjatlari markaziy davlat arxivi hamda Oʻzbekiston Respublikasi ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivlariga Milliy arxiv maqomi berilishi ayni kunlarda muhokama etilmoqda.

Aslida u butun soha tarixini qamrab olishini hamma soha vakili ham bilmaydi afsuski. Moziyga nazar tashlasak, ilk arxiv yozuv bilan bir paytda paydo boʻlgan, deydi arxeologlar. Manbalar yana shundan dalolat beradiki, dastlabki hujjatxonalar Mesopotamiya, Misr va Kichik Osiyo ibodatxonalarida, saroylarda saqlangan, maʼlumotlar turli xil hujjatlar sopol lavhalarga, randalangan taxtachalarga, papirus va oshirilgan charm (pergament)ga bitilgan.

Respublikamizda esa rasman arxivga bundan yuz yil oldin asos solinib, u bugungacha Markaziy Osiyodagi yagona arxiv agentligi hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi tizimida 14 ta hududiy boshqarmalar, 103 ta davlat arxivlari hamda ularning filiallari xalqqa xizmat qilib kelmoqda. Shuningdek, yurtimizda hokimliklar huzurida tashkil etilgan 109 ta shaxsiy tarkib hujjatlari idoralararo va 11 ta nodavlat arxivlar ham faoliyat yuritmoqda.

Xalqaro aloqalar rivojlanmoqda

— Hukumatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar va sharoitlar natijasida arxiv hujjatlarini qamrab olish imkoniyati kengaytirildi, hozirda davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlarning chegara sanalari IX asrdan bugungacha davrni tashkil etib, ularning soni 12 mln. saqlov birligidan ortdi. — deydi Dildora KUCHAROVA, OʻzArxiv agentligi bosh direktor oʻrinbosari. — Aytish joizki, tizimning moddiy-texnik bazasi ham bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda. Davlat arxivlarining deyarli 90% temir stellajlar bilan taʼminlandi. Barcha hujjatxonalar lokal va internet tarmogʻi mavjud zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlangan. Bugungi kunda “Oʻzarxiv” agentligi tizimida hujjat ayirboshlash elektron hujjat aylanishi tizimi orqali yuritilib, saqlanayotgan axborot resurslari boʻyicha elektron bazalarni yaratish, hujjatlarini raqamlashtirish ishlari amalga oshirilayapti.

Yana bir muhim jihat, “Oʻzarxiv” agentligi 2009-yildan Xalqaro Arxivlar Kengashiga aʼzo boʻlib, muntazam ravishda xalqaro konferensiyalar, kongresslarda ishtirok etib kelmoqda. Respublika davlat arxivlarida saqlanayotgan qimmatli hujjatlarning umumjahon ahamiyati eʼtirof etilib, Xiva xonligi hujjatlari 2017-yilda YUNESKOning “Jahon xotirasi” Dasturi boʻyicha Xalqaro roʻyxatga kiritildi.

Endilikda qulay sharoitlar mavjud

OʻzArxiv tizimida hozirda faoliyat yuritayotganlarning 34% ni oliy maʼlumotlilar, 58% ni oʻrta-maxsus maʼlumotiga ega xodimlar tashkil etadi. Soʻnggi yillarda arxiv ishi sohasi mutaxassisligi boʻyicha arxivlarda faoliyat yuritayotgan ishchilar soni 2% dan 20% gacha ortdi. Kadrlar qoʻnimsizligiga chek qoʻyishning asosiy shartlaridan biri ularning ijtimoiy himoyalanishini taʼminlash, moddiy ragʻbatlantirish kabilar ekani hech kimga sir emas.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish toʻgʻrisida” Qarori asosida davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy lavozim maoshlari miqdori belgilanib, oʻrtacha 45% ga oshirildi va ilk bora uzoq muddat xizmat qilganlar uchun har oyda taqdirlash puli toʻlanishi joriy etildi.

  • Xalqaro arxivchilar kunida fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Oʻzarxiv” agentligi qoshida markaz tashkil etildi va u ikki yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. — deydi Nilufar Anarkulova, Arxiv xizmat koʻrsatish markazi rahbari. — Odamlar ilgari nafaqaga chiqishda hamma arxivlardan hujjat yigʻishgan. Bu esa koʻplab noqulayliklarni vujudga keltirgan. Ana shu “yugur-yugur”larni yoʻqotish, qulay sharoit yaratish maqsadida markazimizga asos solindi. Endilikda hamma bitta markazga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qiladi. Dastlab faoliyatimizni Toshkent shahrida yashovchilar uchun xizmat koʻrsatishni boshlagan edik. Bugunga kelib viloyatlarga elektron tarzda hujjat yuborishni ham yoʻlga qoʻyganmiz.

Ayrim muammolar yechimini kutmoqda

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning 58% oʻrta-maxsus maʼlumotliga ega xodimlar tashkil etadi. Yaʼni koʻp qismini oʻrta-maxsus taʼlimga ega boʻlganlar asosiy ishchi kuchi hisoblanadi. Bu borada agentlik rahbariyatiga savol bilan yuzlanganimizda tizimdagi bir necha kamchilik va muammolarni sanab oʻtishdi.

Birinchi navbatda, sohada kadrlar salohiyati yuqori emasligi va mutaxassis kadrlarning yetishmasligi tizimdagi asosiy muammolardan biri sanaladi. Bu oʻrinda oliy taʼlim dargohlarida arxivshunoslik yoʻnalishi boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlarni kengaytirishga ehtiyoj katta,shuningdek, arxivlarda xodimlar tomonidan ilmiy izlanishlar juda kam va tor doirada olib borilmoqda. Bu kamchiliklarning asosiy sabablari esa ish oʻrinlari soni yetishmasligi va ilmiy xodimlarning bazaviy lavozim maoshlarining ozligidir.

Ikkinchidan, arxivlarning moddiy-texnika bazasi dunyo standartlariga toʻliq mos kelmaydi. Arxivlar mobil stellajlar bilan taʼminlanmagan, aksariyatida harorat-namlik meʼyorlariga rioya etish uchun uskunalar mavjud emas, ayrim arxivlar binolarida yongʻinga qarshi va qoʻriqlov signalizatsiyalari talabga javob bermaydi. Elektron arxivlarni tashkil etish uchun serverlar va texnologiyalar yetarli emas.

Uchinchidan esa, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish jadal tarzda olib borilmayotganligi sababli arxiv hujjatlarining elektron nusxalari va elektron bazalari toʻliq shakllanmayapti, ushbu holat esa arxiv hujjatlaridan keng miqyosda foydalanish imkoniyatini cheklab qoʻymoqda;

Toʻrtinchidan, arxiv ishi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlardagi ayrim normalar zamon talablariga javob bermaydi, xususan, nodavlat arxivlari rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan normalarni qayta koʻrib chiqish zarurati mavjud;

Beshinchidan, arxiv ishi sohasi boʻyicha faxriy unvon mavjud emas, arxiv fan, madaniyat, axborotni oʻzida mujassam etgan soha boʻlsada, u sohalar vakillari faxriy unvonlarga ega boʻlganda arxiv vakillari chetda qolmoqda.

100-yillik arafasida

Oʻzbekiston arxivlari nufuzini oshirish va ularda saqlanayotgan noyob va alohida qimmatli hujjatlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni keng ommaga yetkazish maqsadida Agentlik veb-saytida alohida qimmatli va noyob hujjatlarning elektron reyestrini shakllantirish boʻyicha takliflar tayyorlanmoqda.

Arxiv juda keng tushuncha. U butun bir tarixni oʻzida mujassam etgan. Bu yil noyabr oyida respublikamizda arxiv tizimi tashkil etilganligiga 100-yil toʻladi. Nafaqat arxivchilar uchun, balki barchamiz uchun bu muhim voqea hisoblanadi.Bir soʻz bilan aytganda, arxivchilar — “hujjat jarrohlari” uvadalanib, salkam yoʻq boʻlib ketgan durdona manbalarni, qoʻlyozmalarni, oʻtmishimizni, oʻzligimizni “oyoqqa turgʻazadi”. Binobarin, taraqqiy etgan kelajakni barpo etishda arxiv hozir ham, keyin ham muhim ahamiyat kasb etaveradi.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?