89 yoshli Saddiniso momo maktabga 600 ta kitob tuhfa qildi

17:23 10 May 2019 Jamiyat
477 0

Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi, nafaqadagi muallim Saddiniso ona maktabga 600 dona kitob sovgʻa qildi.

- Bir umr halol mehnat qildim, uy ishlaridan tashqari davlatga ham qoʻlimdan kelganicha koʻmaklashdim. Besh qutilab ipak qurti boqqanman, 100 kilolab paxta terganman. Lekin, har qanday vaziyatda ham onaligimni, ayolligimni unutmadim, deydi ona.

- Piru badavlat onaxonni butun qishloq hurmat qiladi, - deydi 18-umumtaʼlim maktabi direktori Muhabbat Shermatova. – Xalq taʼlimi, bank, soliq va boshqa sohalarda samarali faoliyat koʻrsatayotgan farzandlar, nevaralar, chevaralar bobo-buvilarining yaxshi amallarini ulugʻlashyapti. Har bir xayrli ishning boshida hoji onaning oʻzlari turadilar. Ayniqsa, yaqinda koʻrsatgan himmatlari tarixda qoladigan boʻldi. Hududdagi ikkita maktabga 600 ta, Yandama jome masjidiga 100 dona kitob sovgʻa qildilar. Adabiyotlar orasida Saʼdiyning “Guliston”idan tortib, Kalila va Dimnagacha bor. Chingiz Aytmatov, Oʻ. Hoshimov, E. Vohidov, Tohir Malik, Muhammad Yusuf, Maxtumquli kabi el suygan adiblarning tanlangan asarlari va boshqa kitoblar mahallamiz onaxonidan ajoyib sovgʻa boʻldi.

Aytish lozimki, Saddiniso momo chinakam kitob oshuftasi. Odatda ayollar sarpo yigʻishadi, u kishi esa topganiga kitob oladi. Uylarida ham ming donadan ortiq kitobli kutubxona bor. Unga qizlari - xalq taʼlimi aʼlochisi, 18-maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Raʼnoxon opani beka qilib qoʻyibdilar. - Yaxshigina pensiya olaman, topganim bilan uyimdagi bebaho hazina-kutubxonamni yanada boyitishga yetib turibdi. Endi kitoblarimning bir qismini qoʻni-qoʻshnilarga ham ulashishni dillab turibman, - deydi sahovatpesha momo.

Nazokat Bahodirova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?