812 ming dollar! DXX xorijga valyuta olib chiqish bilan shugʻullanib kelgan jinoiy guruhni qoʻlga oldi

12:36 21 May 2019 Jamiyat
200 0

Illyustrativ foto

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari chegarada Qirgʻizistonga olib chiqib ketilayotgan 812 ming AQSH dollaridan ziyod mablagʻni musodara qildi. Bu haqda “Oʻzbekiston-24” telekanali axborot dasturida xabar berildi.

Unda aytilishicha, tezkor xodimlar tomonidan “Toshkent-Andijon” avtomagistralining Yozyovon tumani kesimida ikki avtomobil toʻxtatilgan. Mashinalar koʻzdan kechirilganda, ularning saloni va yukxonasidan dollar kupyurali yirik miqdordagi pullar topilgan. Birinchi avtoulovdan 423,8 ming dollar, ikkinchisidan 388,6 ming dollar, jami 812,5 ming dollar musodara etilgan.

Ushbu avtomobillar egalari qoʻqonlik Olim Ahmedov va Xabibulla Halimov boʻlib chiqqan. Ularga Uchqoʻrgʻon tumanilik Abdulvosiy Teshayev hamrohlik qilgan.

Ushbu ishga aloqador boʻlgan boshqa shaxslar ham ushlangan. Mazkur guruhning rahbari 13 yil davomida Saudiya Arabistonida yashagan Obid Halimov ekanligi aniqlangan. U vataniga qaytgach, xorij valyutasini chetga olib chiqib ketish boʻyicha guruh tuzgan. Bu ishga Toshkentda yashovchi jiyani Abdulloh Halimov, Xabibullo Xalimovning qaynagʻasi, shuningdek, Jahongir Tolipov, Olim Ahmedov va Abdulvosiy Teshayevlarni jalb etgan. Ular Qirgʻizistonga yirik miqdorda xorij valyutasini olib chiqish bilan shugʻullangan.

Ayni paytda DXXning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, surishtiruv tadbirlari olib borilyapti. Shuningdek, ushbu ishga daxldor boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash boʻyicha choralar koʻrilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?