8-sentyabr — Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni

13:07 08 Sentyabr 2020 Dunyo
342 0

Bir qarashda, jurnalistika u qadar xavfli kasbga oʻxshamaydi. Ammo u dunyodagi eng xatarli kasblardan biri hisoblanadi. UNESCO rasmiy saytining 1993-yildan boshlab qayd etgan roʻyxatiga koʻra, bugungacha dunyoda 1405 nafar jurnalist oʻldirilgan. Jurnalistlarga hujum haqidagi xabarlar bugun ham tez-tez quloqqa chalinib turadi, afsuski.

Shu sabab qalam ahlining oʻzaro birdamligi nafaqat tilda, balki amalda ham oʻz isbotini topishi uchun birdamlik kuni alohida bayram sifatida belgilangan. 1958-yili Xalqaro jurnalistlar tashkilotining Buxarestda boʻlib oʻtgan IV kongressi qaroriga binoan, har yili jahonda 8-sentyabr Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni (International day of solidarity of journalists) sifatida nishonlanadi. Maʼlumotlarga koʻra, keyinchalik BMT tomonidan ham ushbu kun Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni deb eʼlon qilingan.

Bu kun oʻz-oʻzidan tanlanmagan albatta. Ushbu kun 1943-yil 8-sentyabr kuni Berlinda fashistlar tomonidan qatl qilingan chexoslovakiyalik jurnalist va adabiy tanqidchi Yulius Fuchik xotirasiga bagʻishlab tanlangan. Fuchik Praga qamoqxonasida boʻlgan vaqtida “Dor ostidan reportaj” (Notes from the gallows) kitobini yozgan. Mazkur kitob dunyoning 70 tiliga tarjima qilingan boʻlib, muallif vafotidan soʻng ikki yil oʻtib, 1945-yilda ilk bor chop etilgan, yetti yil oʻtib esa Xalqaro tinchlik sovrini bilan taqdirlangan.

Maʼlumot uchun, Amerika jurnalistlarining eng nufuzli mukofoti hisoblanmish Pulitser mukofotining taqdirlash marosimi ham deyarli har yili 8-sentyabrda oʻtkaziladi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?