8 milliard yevrodan ziyod qiymatdagi loyihalar boʻyicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi

20:06 21 Yanvar 2019 Siyosat
507 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkelning muzokaralari oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Angela Merkel Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi uzoq tanaffusdan keyingi muhim tashrif ekani, ikki tomonlama hamkorlik rivojiga katta turtki berishini taʼkidladi.

— Biz Oʻzbekistonning ishonchli sherigi boʻlishni xohlaymiz. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun koʻplab imkoniyatlar borligini koʻrmoqdamiz, — dedi Germaniya kansleri.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan yuksak hurmat uchun chuqur minnatdorlik bildirib, germaniyaliklarni joriy yil may oyida nishonlanadigan Germaniya Federativ Respublikasi tashkil etilganining 70 yilligi bilan tabrikladi.

Tomonlar soʻnggi yillarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib borayotgani, siyosiy muloqotlar faollashayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Prezidentimiz Oʻzbekiston Germaniya bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishga intilishini alohida taʼkidladi.

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Muzokaralarda siyosat, xavfsizlik, savdo, texnologiya, innovatsiya, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama etilishi maʼlum qilindi.

Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yanada yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasi asosida ikki tomonlama munosabatlar mustahkamlanishi taʼkidlandi.

Uchrashuvda zamonaviy tahdid va xatarlar, avvalo terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilishi aytib oʻtildi. Afgʻonistonda tinchlik jarayonini tez fursatda boshlash ham kun tartibidagi muhim masalalardan ekani qayd etildi.

Oʻzbekiston inson huquqlari va erkinliklari sohasida konstruktiv muloqot, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimining shaffofligiga hamda korrupsiyaga toʻliq barham berilishiga erishish maqsadida hamkorlik uchun ochiq ekani taʼkidlandi.

Tomonlar investitsiya va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Oʻzbekiston Prezidenti tashrifi arafasida oʻtkazilgan biznes forumida 8 milliard yevrodan ziyod qiymatdagi yangi loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishilgani, boshqa bitimlar boʻyicha ishlar davom etayotgani maʼlum qilindi.

Shuningdek, nemis tili chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladigan maktablar tarmogʻini kengaytirish, Germaniyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirish borasidagi hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

 

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?