7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan tuman hokimi oʻrinbosari nihoyat sud tomonidan oqlandi

10:17 26 Sentyabr 2019 Jamiyat
611 0

- Koʻpni koʻrgan qariyalarimiz duoga qoʻl ochganda, “Oʻt balosi, suv balosi, tuhmat balosidan asrasin” deb bekorga aytishmas ekan,-deydi qahramonimiz, Buxoro shahrida yashovchi Oybek Hamroyev.-Biroq tuhmat balosi hammasidan oshib tusharkan.Sababi suv va oʻt balosidan koʻrilgan ziyon oʻrnini qoplab boʻladi.Ammo tuhmat, boʻhton ortidan kelgan baloni daf etish juda mushkul.Buning uchun men umrimning sakkiz yilini sarfladim...

Xoʻsh, aslida nima boʻlgan edi?!Bu savolga javob topish uchun ayrim voqealarni qisqacha boʻlsa -da bayon etishga toʻgʻri keladi.Oʻshanda qahramonimiz Buxoro tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlardi.Oʻzi uchun kutilmaganda unga nufuzli huquqni muhofaza etish idorasi tomonidan ayb qoʻyildi.Emishki, u tuman hokimligi iqtisodiyot boʻlimi yetakchi mutaxassisi A. J. bilan oldindan til biriktirib, tuman hududida faoliyat koʻrsatayotgan xususiy savdo korxonalari rahbarlarini 8 turdagi oziq – ovqat mahsulotlari bilan savdo qilish huquqidan mahrum etish, ularga biriktirilgan hudud aholisi sonini kamaytirish yoki aholini boshqa savdo doʻkonlariga biriktirish bilan qoʻrqitib, tamagirlik qilgan, pora olgan.Bunga A. J.ning koʻrsatmasi asos qilingan holda Oybek Hamroyev jinoiy javobgarlikka tortildi.

Shu koʻrsatmaga koʻra, O. Hamroyev A. J. bilan til biriktirib,bir qator savdo korxonalari rahbarlari – E.Yarqulov, J. Boyliyev, O. Hamidov, B. Xayrullayev va boshqalardan 100 va 50 ming soʻmdan tamagirlik yoʻli bilan pora olgan emish.

Shu oʻrinda A. J. nega bunday koʻrsatma berdi, degan savol tugʻiladi.Gap shundaki, u bilan Oybek Hamroyev oʻrtasida oʻzaro kelishmovchilik yuzaga kelgandi.Qahramonimizning taʼkidlashicha, “ish” boshida turganlar shundan foydalanishgan, A. J. yollanma arizachi vazifasini oʻtagan.

Pirovardida O. Hamroyevga jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudining 2012-yil 6-avgustdagi hukmiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi JK 210 – moddasi 3 – qismining “b” bandi bilan JKning 45, 57- moddalari qoʻllanilib, 3 yil mobaynida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi.

Tabiiyki, ayblanuvchi tomon buni adolatsizlik deb hisobladi.Bunga ularda yetarlicha asoslar bor edi.Negaki, savdo korxonalari rahbarlarining aksariyati Oybek Hamroyevni tanimasdi.Buni ular keyinchalik sudda ham eʼtirof etishdi.Ayrimlari esa tazyiq ostida koʻrsatma berishganini aytishdi.Shunday ekan, oʻzi koʻrmagan, tanimagan kishiga odam qanday qilib pora berishi mumkin, degan savol tugʻiladi. Qolaversa, pora olingani xususida ashyoviy dalillar boʻlishi kerak emasmi?Axir, birovning “dedi- dedi” qabilidagi gapi bilan, tagi puch vajlar bilan uchragan kishini sudning qora stuliga oʻtirishga majbur qilsak bu dunyoda beayb odam qoladimi?!

Afsuski, Hamroyevlarning kassatsiya tartibidagi murojaatlari ham ahvolni ular foydasiga oʻzgartirmadi.Yozishmalar, murojaatlar bilan bir emas, ikki emas, sakkiz yil ortda qoldi.Nihoyat, Hamroyevlar xonadoni aʼzolarining adolatni tiklash, haqni qaror toptirish yoʻlidagi yelib – yugurishlari natijasini berdi.Shu yilning 12-sentyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudi binosida oʻtkazilgan kassatsiya instansiyasining ochiq sudi kassatsiya shikoyatini qanoatlantirdi.

Ochiq sudda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 22 – moddasi talablariga koʻra, sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bogʻliq barcha holatlarni aniqlashi, ish boʻyicha isbotlanishi lozim boʻlgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻla va xolisona tekshirib chiqishi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan holatlarni aniqlashi va hisobga olishi lozim.Mazkur kodeksning 463-moddasi 1 – qismiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan boʻlishi mumkin emas.U sud muhokamasi davomida sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi.

Shu hamda boshqa bir qator huquqiy normalarga tayanib, sud avvalgi sudda O. Hamroyevga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda qonun talablariga rioya qilinmagan, degan xulosaga keldi.Sud jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudi tomonidan 2012-yil 6-avgustda chiqarilgan hukmning Oybek Farhodovich Hamroyevga oid qismini bekor qilish toʻgʻrisida ajrim chiqardi.U aybsiz deb topilib, oqlandi.O. Hamroyev jinoiy taʼqib natijasida yetkazilgan mulkiy, maʼnaviy va boshqa ziyon oqibatlarini bartaraf qilish huquqiga ega ekanligi eʼtirof etildi.

-Men tuhmat, boʻhton balosidan asrasin, deb bekorga aytmayapman,-deydi Oybek Hamroyev.- Gʻayriqonuniy yoʻllar bilan qamashdi.Sakkiz yil davomida adolatsizlikdan, tuhmat balosidan ozor chekdim.Oilamiz, yaqinlarimiz chekkan iztiroblarni aytmaysizmi?Bu adolatsizlikka chiday olmagan onam 63 yoshlarida toʻsatdan vafot etdilar.Diydorlarini koʻrish, onajonimni soʻnggi yoʻlga kuzatib qoʻyish menga nasib qilmadi.Bu menga bir umrlik armon boʻlib qoldi.Shu gʻam – anduh kamlik qilganday gʻayriqonuniy hukmdan soʻng kuchli stress va boshogʻriq tufayli akam ham 43 yoshida toʻsatdan vafot etdi.Oilamiz ogʻir kunlarni boshdan oʻtkazdi...

Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida xonadon sohibi, 75 yoshli mehnat faxriysi Farhod Hamroyev bilan ham suhbatlashdik.

- Davlatimiz rahbarining “Sudlar ongida –Adolat, tilida –Haqiqat, dilida - Poklik boʻlishi shart” degan soʻzlari haq qaror topishiga boʻlgan ishonchimizni mustahkamladi,-deydi ziyoli, koʻpni koʻrgan bu inson.- Farzandimiz oqlandi.Bugun dunyoda bizdan koʻra baxtiyor kishi yoʻq.Ilohim, inson haq – huquqlarini, adolatni ustuvor yoʻnalish qilib olgan davlatimiz obroʻ-eʼtibori, nufuzi yanada oshsin!

Bu soʻzlarga izohning hojati yoʻq, albatta!

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?