67 yoshli jinoyatchi qoʻlga olindi

23:34 20 Yanvar 2019 Jamiyat
401 0

Illyustrativ foto

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Xonobod shahrining 24 ta koʻp qavatli uylardan tashkil topgan Abdurauf Fitrat nomidagi mahalla ibratli hududlardan biri sanaladi. Afsuski, guruch kurmaksiz boʻlmagani kabi namunali yurtdoshlarimiz orasida ham oʻzining salbiy jihatlari bilan mahalladoshlari nomiga dogʻ tushiruvchilar yoʻq emas. Ana shundaylardan biri Neʼmatjon Hamdamov (surishtiruv-tergov ishlari olib borilayotganligi sababli ismi sharifi oʻzgartirildi) xonadonida giyohvand modda saqlaganligi uchun qoʻlga olindi.

— Neʼmatjonning qilmishini umuman oqlab boʻlmaydi, — deydi Abdurauf Fitrat nomidagi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Faridaxon Matxoliqova. — Boisi, u yosh bola emas, 67 yasharli moʻysafid. Mahalla faollari qatorida barchaga maslahat berib, oʻzining namunali xulqi bilan ibrat koʻrsatishi kerak boʻlgan yoshda.

Shahar ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbirda aniqlanishicha, fuqaro oʻz xonadonida 25 gramm miqdorida marixuana giyohvand moddasini saqlab kelgan. Hudud profilaktika inspektori, katta leytenant Shavkat Mirzayevning maʼlum qilishicha, u muqaddam giyohvand moddasini saqlash, isteʼmol qilish va qotillik jinoyatini sodir etgan. Shu bois ichki ishlar hamda mahalla faollari eʼtiborida boʻlgan. Bekorchilik tufayli yana salbiy illatlarga qoʻl urishining oldini olish maqsadida doimiy ish joyi bilan ham taʼminlagan. Ammo...

— Giyohvandlikning oqibati juda yomon, — deydi Neʼmatjon Hamdamov afsus bilan. — Shu bois men sodir etgan xatoni yana kimdir takrorlashini istamayman. Qilmishimdan pushaymonman.

Qonun hamisha adolat tamoyiliga rioya qiladi. Shunday ekan, fuqaroning soʻnggi pushaymoni kelgusida yana jinoyat sodir etmasligi uchun poydevor vazifasini oʻtashiga umid qilamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?