Erkinjon Turdimov bolalar ayovsiz kaltaklangan maktabga bordi

14:39 27 Iyul 2018 Jamiyat
928 0
Foto: facebook.com/turdimov/

Samarqanda viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Samarqand shahridagi 64-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyati bilan tanishdi.

Xabaringiz bor, 23 iyul kuni mazkur maktab rahbarlari va tarbiyachilar tarbiyalanuvchilarni kaltaklab kelayotgani haqida xabar paydo bo‘lgandi.

Shundan so‘ng Bosh prokuratura Samarqand shahridagi 64-sonli alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va ta’limga muhtoj o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashgan maktabda sodir bo‘lgan mudhish voqealar bo‘yicha rasmiy izoh bergan edi.

“Samarqand shahridagi 64-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tarbiyalanayotganlar uchun yaratilgan shart-sharoit o‘rganildi. Keyingi kunlarda mazkur muassasada sodir bo‘lgan holat maktab jamoasi, mutasaddilar va jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi. Turli xil ko‘ngilsiz voqealar ro‘y bermasligi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi”, deb yozadi Erkinjon Turdimov Facebook’dagi sahifasida.

Shuningdek, viloyat rahbari Samarqanddagi 1- va 10-son mehribonlik uylari faoliyati bilan ham tanishgan.

“Samarqanddagi 1- va 10-son mehribonlik uylarida yosh avlodning munosib ta’lim-tarbiya olib, kamolga yetishi uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit yaratilgan. Shunisi borki, bu yerda voyaga yetayotgan yosh avlod ko‘p sonli insonlarning mehri va e’tiboridan bahramand bo‘lishi, eng asosiysi, jamoatchilikning g‘amxo‘rligini his etishi kerak. Mutasaddilar bilan mana shu masalaga alohida e’tibor qaratildi”, deb yozadi Erkinjon Turdimov.

Bundan tashqari, Erkinjon Turdimov 131 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan insonlar istiqomat qilayotgan “Saxovat” internat-uyida ham bo‘ldi va u yerdagi yaratilgan sharoitlarni tanqid qildi.

“131 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan insonlar istiqomat qilayotgan “Saxovat” internat-uyida bir qator muammolar borligi kuzatildi. Jumladan, binoda lift ishlamaydi, yuvinish xonalari ta’mirtalab, sanitariya qoidalariga amal qilinmagan. Muassasa hovlisida obodonchilik ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Yozgi pavilonda krovat-so‘rilar bor, biroq sharoit yaratilmaganligi sababli bahavo joyga hech kim kelmaydi. Internat-uyi mutasaddilari faoliyatidan qoniqmadik. Har qanday jamiyat muammo va kamchiliklardan xoli emas. Lekin muammoli masalalarni o‘z vaqtida aniqlash va tezda bartaraf etish har bir sohaning mas’ul kishilari bilan birga, keng jamoatchilikning ham asosiy vazifasi bo‘lishi lozim”, deb yozadi Erkinjon Turdimov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?