60 ming dollar pora olgan tayloqlik IIB xodimi uzoq muddatga qamoqqa yoʻl oldi 

09:44 13 Avgust 2019 Jamiyat
221 0

Illyustrativ foto

Jinoyat ishlari boʻyicha Tayloq tuman sudida 60 ming dollar pora bilan qoʻlga tushgan Tayloq tuman IIB inspektorining jinoiy harakatlari yuzasidan sud ishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Kun.uz xabar qildi.

Sudlanuvchi A.S. Samarqand viloyat Tayloq tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika katta inspektori vazifasida ishlab kelgan.

U tuman markazidagi 420-sonli militsiya tayanch punktining eski binosi va bino osti yer maydonini xarid qilishni bir necha shaxslarga taklif qilgan. Jumladan, tumanning “Charogʻbon” mahallasida yashovchi fuqaro N.M. da katta miqdordagi pul mablagʻlari borligiga ishonch hosil qilganidan soʻng, mulkiy naf koʻrish maqsadida, xizmat mavqeidan foydalangan holda tuman IIBga qarashli haqiqiy narxi 118 mln 377 ming 72 soʻm boʻlgan 420-sonli militsiya tayanch punkti maʼmuriy binosi va bino osti yer maydoni 70 ming AQSH dollari evaziga sotilayotganligiga ishontirgan.

Ushbu miqdordagi pul mablagʻlarini mazkur mansabdor shaxslarga bersa, binoga va bino osti yer maydoniga egalik qilish haqidagi tuman hokimining qarorini chiqartirib, uning nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan. Shu tarzda joriy yil 15-may kuni xizmat xonasida fuqarodan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sud hukmiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan A.S.ga 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?