5537 nafar norasmiy ravishda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ishlayotgan fuqaro belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazildi

17:15 18 Iyun 2018 Iqtisodiyot
1010 0
Mamlakatimiz hududiga noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan tamaki mahsulotlari

Qonun ustuvor jamiyatda o‘zaro tenglik, adolat bo‘ladi. Biroq noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanib sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, belgilangan talablarga amal qilmasdan, nafsini davlat va jamiyat manfaatlaridan ustun qo‘yayotgan ayrim fuqarolar uchrab turibdi.

Mana shunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Sotuvga qo‘yilgan mahsulotlar gigiyenik va sanitariya talablariga zid holda ishlamaydigan muzlatgichda saqlanmoqda

Joriy yilning 7-14 iyun kunlari respublikamiz hududlarida noqonuniy savdo va xizmat ko‘rsatish hamda ishlab chiqarish sohasiga oid qonunbuzarliklarning oldini olish, sog‘lom raqobat bozorini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikda olib borilgan profilaktika va nazorat tadbirlari natijasida tadbirkorlik subyektlariga qarashli bo‘lgan 407 ta savdo shoxobchasida qonunga zid ravishda mahsulotlar savdosi yo‘lga qo‘yilganligi aniqlandi.

Xususan, Germaniya, Chexiya, Fransiya, Shotlandiya, Shvetsiya, Italiya, Gollandiya, Meksika, Rossiya, Qozog‘iston hamda Tojikiston davlatlarida ishlab chiqarilgan, noqonuniy yo‘llar bilan respublikamizga olib kelingan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan 333,3 mln. so‘mlik alkogol hamda 177,9mln. so‘mlik tamaki mahsulotlari sotilayotganligi, 220,8 mln. so‘mga nazorat-kassa mashinasidan xarid chekini bermaslik, 175,7 mln. so‘m miqdoridagi kunlik naqd savdo pullarni yashirish holatlari aniqlandi va chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Issiq ob-havo sharoitida dim xonada saqlanayotgan pivo va salqin ichimliklar

Tadbirlar davomida 523 nafar fuqarolar tomonidan belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy ravishda respublika hududiga olib kirilgan umumiy qiymati 1,2 mlrd. so‘mlik tovar moddiy boyliklari: qurilish mollari (oshxona, hammom anjomlari), oziq va nooziq-ovqat (shakar, salqin ichimliklar, tovuq go‘shti, kir yuvish vositalari, DVD disklar, kiyim-kechak, poyafzal) mahsulotlari hamda iste’mol (tamaki, alkogol) tovarlari bilan savdo qilish holatlari aniqlandi.

Nazorat-kassa mashinasi olingandan beri ishlatilmagani uchun chang bosib yotibdi

Profilaktik tadbirlar davomida 334 ta ishlab chiqarish (yashirin sex) obyektlari va 2679 ta yakka tartibdagi tadbirkorlarda yollanma ishchi sifatida xizmat qilayotgan 2026 nafar jismoniy shaxslar faoliyati qonuniylashtirilib, 5537 nafar norasmiy ravishda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ishlayotgan fuqarolar belgilangan tartibda ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Muzaffar Nazarov, 
Davlat soliq qo‘mitasi jamoatchilik bilan aloqalar va xuquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?