55 yoshga kirmay 6-marta sudlangan shaxsga sud hukmi oʻqildi

17:28 18 Sentyabr 2019 Jamiyat
440 0

Umr inson uchun atigi bir marotaba beriladigan neʼmat. Uni qanday oʻtkazish har bir insonning oʻz qoʻlida. Hayotidan rozi yoki koʻngli toʻlmay, pushaymonlik azobida qovurilib oʻtish ham odamning oʻziga bogʻliq.

Toshkent shahrida tugʻilib, taqdir taqozosi bilan Namanganga kelib qolgan Ikrom Ixtiyorov joriy yilning yanvar oyida oʻzining 53 yoshini nishonlagandi. Odatda, bu yoshdagi kishilar “hamma narsa yoshlikka xos, endi katta boʻlib qoldik”, deya ibratomuz hikoyalar keltiradigan, hayotiy tajribalari, koʻrgan-kechirganlari, yaxshi-yomonning borajak manzili, umr qadri borasida soʻzlaydigan boʻlib qolishadi.

Ikrom Ixtiyorov esa afsuski, eng kuchga toʻlib, ishlaydigan davridan boshlagan “faoliyati”ni kanda qilmadi. Yomonlik qobigʻiga oʻralib qolgan bu shaxs egri yoʻldan qaytmadi. Bir necha bor qamalishiga qaramay oʻziga yetarli saboqni olmadi. Pensiya yoshiga yetmagan mazkur shaxs qarangki, oltinchi bor sudlanib temir panjaralar ortiga ravona boʻldi.

Namangan shahridagi “Yashil dehqon bozori”da haftaning har shanba kuni katta savdo tadbiri boʻladi. Gʻoyat tiqilinch bu bozorda eski qiligʻi xuruj qilib turgan I.Ixtiyorov ham bor edi. U bozor tomon oshiqayotgan ikki ayolning ortidan tushdi. Ulardan biri soʻzlashib boʻlgach, telefonini choʻntagiga solarkan, tiqilinchdan foydalanib, ustomonlik bilan uni sugʻurishga muvaffaq boʻldi...

Ammo nazoratda boʻlgan shaxsning bu xatti-harakati IIB xodimlari eʼtiboridan chetda qolmadi. Zudlik bilan koʻrilgan choralar Ikromni vaziyatdan chiqib ketishiga ham yoʻl qoldirmadi.

Afsuski, I.Ixtiyorov nopok yoʻldan qaytmagan ekan. U oltinchi marotaba sudning qora kursisiga oʻtirdi va uning bu galgi qilmishi uchun sud tomonidan sudlanuvchiga 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

“Bukrini goʻr toʻgʻrilaydi”, deydi xalqimiz. Odatda ushbu maqol qilgan xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmaydigan, jinoyat ustiga jinoyat sodir qiladigan kishilarga nisbatan qoʻllaniladi.

Bu yoshda kishilar farzandlar, nabiralar toʻyini qilib, elga osh beradi. Muborak Haj ziyoratini qilib, yoshlarga halol va harom haqida pand-nasihat oʻqiydi. Halol topganidan yetim-yesir, nochoru bechora, kasal-nogironlarni otaliqqa olib, insoniy fazilatlari bilan ibrat boʻladi. Zero, bundaylarning davlati kamaymaydi, muhtojlik nima bilmaydi.

Afsus, ayrim yurtdoshlarimiz borki, nochorlikdan chiqa olmaydi. Na elga qoʻshiladi, na yurtga foyda keltiradi. Oila saodati, otalik yoki onalik baxti unga begona.

Akramjon ARIPOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining katta konsultanti.

Manba: www.zarnews.uz

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?