54 million soʻmlik noqonuniy spirtli ichimliklar savdosiga chek qoʻyildi

18:31 18 Iyul 2019 Iqtisodiyot
259 0

“Xalq soʻzi Online”. Saminjon Husanov/Andijon. Andijon viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirida bir qancha “soxta tadbirkorlar” mavjudligi oydinlashdi. Jumladan, Sultonobod mahallasidagi omborxonada uch nafar fuqaro spirtli ichimliklar saqlab kelayotganligi maʼlum boʻldi. Surishtiruv davomida oydinlashdiki, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun hech qanday rasmiy hujjatlarga ega boʻlmagan uchovlon ushbu omborda saqlangan mahsulotni atrofdagi mavjud bozorlarda pullab kelganlar.

“Soliq xodimlari ushbu holatlar yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar rasmiylashtirib, uchala fuqaroga tegishli boʻlgan 54 million soʻmlik spirtli ichimliklar mahsuloti savdosiga chek qoʻyildi. Shuningdek, ularga qonuniy tadbirkorlik faoliyati asoslari toʻgʻrisida tushuncha berildi”, - deydi Andijon viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi Dilmurodjon Parpiyev.

Xalqimiz topib aytganidek: ”Koʻza kunda emas, kunida sinadi”. Shunday ekan, nafaqat bugunni, balki ertani ham oʻylab ish yuritgan tadbirkor hech qachon yutqazmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?