5240 ta MTM holati xatlovdan o‘tkazildi. Ularning aksariyati ta’mirga muhtoj

17:02 08 Avgust 2018 Jamiyat
367 0

Bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalarida ahvol qanaqa? O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgandan so‘ng tegishli mutaxassislar bilan birgalikda respublikadagi barcha 5240 ta maktabgacha ta’lim muassasasi ahvoli to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan.

Natijada ularning aksariyati ta’mirtalab ahvolda ekanligi, moddiy-texnika bazasi yangilanmagani aniqlangan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi taqdim etgan ma’lumotlarda keltirilgan.

“Qiladigan ishlarimiz juda ham ko‘p. Albatta, mavjud muammolarni qisqa muddatda bajarish qiyin. Shu bois, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 2021 yilgacha maxsus dastur qabul qilindi. Bunda, birinchi navbatda, ta’mirlash-qurish ishlarini eng chekka hududdagi ahvoli og‘ir MTMlardan boshlash rejalashtirilgan” — deydi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdug‘ulom Hakimov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizda amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi doirasida 264 ta, “Obod mahalla” dasturi doirasida esa 105 ta maktabgacha ta’lim muassasasi to‘liq ta’mirlanyapti. Joriy yilda jami 736 ta maktabgacha ta’lim muassasasi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?