5 tashabbus doirasida 198,7 mingga yaqin oʻquvchi teatr-studiyalarga jalb etildi 

16:49 07 Fevral 2020 Jamiyat
224 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan besh tashabbus doirasida mamlakatimiz umumtaʼlim muassasalarida “Maktabda teatr” loyihasi doirasida 2108 ta havaskor yoshlar teatr-studiyalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mazkur teatr-studiyalariga 198,7 mingga yaqin oʻquvchilar jalb etildi. Bu haqda Xalq taʼlimi vazirligiAxborot xizmati xabar berdi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.

Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Mazkur tashabbus doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi umumtaʼlim maktablarida 2 108 ta havaskor yoshlar teatr-studiyalari tashkil etildi. Hozirgi kunda teatr-studiyalarga 198 ming 698 nafar oʻquvchilar jalb etilgan boʻlib, ular tomonidan maktab faoliyati va ijobiy hamda salbiy oʻquvchilar obrazini ochib beruvchi sahna koʻrinishlari ijro etib borilmoqda.

- “Maktabda teatr” loyihasi maktablarda joriy etilishi bejiz emas, — deydi Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Dilshod Kenjayev. — Teatr bolani har tomonlama barkamol boʻlib oʻsishiga koʻmak beradi. Birinchidan, teatr oʻqitish va tarbiyalash uslublaridan biridir. Ikkinchidan, u farzandlarimizni tomoshabinlar oldida chiqishlar qilishni va nutqini rivojlantirishga koʻmak beradi. Bundan tashqari, teatr bolalarni jamoada ishlashni, oqni qoradan ajratishni oʻrgatadi. Zero, XX asr boshlarida oʻzbek milliy teatriga asos solgan maʼrifatparvarlarimiz bejiz teatrni — ibratxona deb atashmagan. Eng asosiysi, oʻquvchilarni teatr-studiyalarga jalb etgan holda milliy va jahon adabiyoti bilan tanishtirish bilan birga ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtishi taʼminlanmoqda, voyaga yetmaganlar oʻrtasida gʻayriijtimoiy harakatlar sodir etilishi oldi olinmoqda.

Teatr-studiyalari uchun oʻquvchilarda milliy madaniyatimizni shakllantirishga qaratilgan pyesa va sahna namoyishi ssenariylari yozilib, barcha taʼlim muassasalariga yetkazildi. “Oʻtgan kunlar”, “Shum bola”, “Boy ila xizmatchi”, Sogʻlom tanda sogʻlom aql”, “Bola podsho”, “Bolari”, “Qaydasan bolam”, “Qaldirgʻoch bilan mayna”, “Tilla tuyoqli ohu” kabi asarlar shular jumlasidandir.

Teatrlar ikki koʻrinishda olib borilmoqda: 1-4-sinf oʻquvchilari uchun “Qoʻgʻirchoq teatri” va 5-11-sinf oʻquvchilari uchun drama teatri tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga teatr-studiyalariga qiziqishni oshirish maqsadida yurtimizdagi teatrlar bilan hamkorlikda mashhur aktyor va aktrisalar bilan 30 dan ortiq mahorat mashgʻulotlari tashkil etildi. Mahorat darslari Raʼno Yarasheva, Muqaddas Xoliqova, Muhammadali Abduqunduzov, Aziza Begmatova, Shohida Ismoilova, Mirolim Qilichev, Tesha Moʻminov, Xayrulla Saʼdiyev, Zuhra Soliyeva, Sayyora Yunusova kabi aktyor va aktrisalar tomonidan qiziqarli olib borildi.

Tajriba sifatida tarix va adabiyot darslarida mavzular boʻyicha oʻquvchilar uchun teatr sahna koʻrinishlari orqali aktyorlik mahoratlarini rivojlantirish amaliyoti joriy etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?