48150 ta foydalanilmayotgan obyektlar aniqlandi

01:34 19 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
695 0

Arxiv foto

Boʻsh turgan bino yoki inshoot aslida hududlarga qoʻshimcha investitsiyalar jalb etish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyatdir. Afsuski, buni hamma ham birdek anglab yetayotgani yoʻq. Shu bois keyingi paytlarda davlat obekʼtlarini mulkdorlarga berish jarayonini soddalashtirish, mahalliy hokimiyat organlari vakolatlarini kengaytirish, mulkdan samarali foydalanishni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oxirgi yillarda ushbu yoʻnalishda davlatimiz rahbari tomonidan 4 ta Farmon, shuncha qaror va bir qator hukumat hujjatlari qabul qilingani fikrimiz tasdigʻidir.

Prezidentimizning joriy yil 4 sentyabrdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada jadallashtirib yubordi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasida “Foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari: tahlillar, imkoniyatlar va istiqbollar” mavzuida boʻlib oʻtgan forumda aytib oʻtildi.

Mulkdor hamda xorijiy investorlarga tegishli ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishni tashkil etishda mazkur qarorning ahamiyati yuqori. Jumladan, uning ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasida 48150 ta boʻsh va foydalanilmayotgan obyektlar mavjudligi aniqlandi. Ayni paytda Idoralararo komissiyalar tomonidan har bir obyektga individual yondashilib, mulkdorlar bilan muzokaralar oʻtkazilmoqda.Natijada ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish hisobiga hozirgacha 15205 ta investitsiyaviy loyiha ishlab chiqildi. Ishga tushirilgan loyihalar soni esa 4254 tani tashkil etib, 15 ming kishining bandligi taʼminlandi.

Umuman, loyihalarning toʻliq roʻyobga chiqarilishi orqali hududlarga 11 trln. soʻmlikdan ortiq xususiy investitsiyalar jalb etilishi hamda 40 mingdan ziyod ish oʻrinlari yaratilishi moʻljallanayotgani diqqatga sazovordir.

Tadbirda investitsiya loyihalarini puxta tayyorlash va amalga oshirishda tijorat banklari ishtiroki faolligini oshirish, yaʼni davlat organlari hamda moliya muassasalari hamkorligini kuchaytirish masalasiga urgʻu berildi.
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?