48 ming 225 nafarmi yoki 55 ming 430 nafar? Qaysi biriga ishonsa boʻladi?

04:27 28 Fevral 2019 Siyosat
340 0

Illyustrativ foto

Kecha parlament yuqori palatasida qoʻmitalar va Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyaning majlislari boʻlib oʻtdi. Ularda yalpi majlis muhokamasiga kiritilayotgan bir qator masalalar koʻrib chiqildi.

Xususan, Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning Toshkent viloyatidagi ijrosini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda respublikamizdagi 608 ming 528 nafar nogironligi bor shaxsdan 47 ming 598 nafari (8 foizi) Toshkent viloyatida istiqomat qiladi. Soʻnggi ikki yilda hududda nogironligi boʻlganlar soni 5,8 foiz ortgan.

Majlisda nogironligi boʻlganlarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha Toshkent viloyatida qator ishlar amalga oshirilganiga qaramasdan, sohada kamchilik va muammolar borligi qayd etildi.

Jumladan, Qonunning 10-moddasida aholiga transport xizmati koʻrsatishni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan tegishli obyektlar nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsqinliksiz kirishi uchun imkon beruvchi maxsus moslamalar bilan jihozlanishi belgilangan boʻlsa-da, viloyatda bekatlar, svetofor va piyodalar yoʻlakchalarini maxsus moslamalar bilan jihozlash boʻyicha hech qanday ish qilinmagan.

Masʼul davlat organlari oʻrtasida nogironligi boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni yuritish mexanizmi yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan, vazirlik hamda idoralar yagona maʼlumotlar bazasi yaratilmagan. Masalan, Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlumotiga qaraganda, 2019 yil 1 yanvar holatiga koʻra, Toshkent viloyatida 47 ming 598 nafar nogironligi bor shaxs yashaydi deb koʻrsatilgan boʻlsa, bu raqam Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining maʼlumoti boʻyicha 48 ming 225 nafarDavlat statistika qoʻmitasi maʼlumoti boʻyicha esa 55 ming 430 nafarni tashkil etadi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligini taʼminlash ishlari ham oʻz holiga tashlab qoʻyilgan, bu borada aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmagan. Masalan, ularning bandligini taʼminlash maqsadida 2018 yil davomida Bandlikka koʻmaklashish markazlariga viloyat Tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi tomonidan 1 ming 109 ta tavsiya berilgan boʻlsa-da, ularning bor-yoʻgʻi 56 nafari (5 foizi) ishga joylashgan, xolos.

Oʻn bir yillik taʼlimga oʻtilishi munosabati bilan ixtisoslashtirilgan maktablarda sinfxonalar yetishmasligi holati ham yuzaga kelmoqda. Ular oʻquv darsliklari bilan yetarlicha taʼminlanmagan. Natijada ushbu toifadagi maktablarda umumtaʼlim maktablari uchun moʻljallangan darsliklardan foydalanilyapti. Jumladan, taʼlim rus tilida olib boriladigan 9, 10-sinf oʻquvchilari uchun “Davlat va huquq asoslari” hamda “Iqtisodiy bilim asoslari” darsliklari umuman nashr etilmagan.

Mazkur dolzarb masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi. Bu borada olib borilayotgan ishlar senatorlar nazoratida ekani taʼkidlandi.

Munisxon Karimova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?