3D-printerlari orqali mobil uylar chiqarilmoqda

12:26 08 Avgust 2018 Lifestyle
365 0
Foto: ЦИАН

Kun kelib mobil uylar 3D-printerlaridan chiqishini tasavvur qilib bo‘lmasdi. Ukrainaning “PassivDom” kompaniyasi buning uddasidan chiqib har qanday ob-havoga chidamli va quyosh energiyasidan quvvatlanuvchi mobil uylar yaratish payida. Tajribadagi birinchi uy AQSHning Nevada shtati shaharlaridan birida qurilmoqda. Bu haqida “Amerika ovozi” teleradiosi xabar berdi.

Mobil uylar yasashga mo‘ljallangan 3D-printerlari ustaxonasining birinchi namunasi Nevada shtati Reno shahrida. O‘z-o‘zini boshqara oladigan printerni Ukraina startaplari yaratib, “PassivDom” deb nomlangan.

“Inson borki, orzu qiladi. Kimdir tog‘da, kimdir okean, sharshara yonida yashashni xohlaydi. Lekin tog‘li hududda uy qurish, kanalizatsiya, elektr toki tushirish uyning o‘zidan qimmatga tushadi”, - deydi loyiha muallifi Maksim Gerbut.

Uning aytishicha, elektr tokini ulash eng qiyin ish.

“Xonalardagi haroratni, issiqlikni saqlab qolishni 20-40 foizga ko‘tardik. Uyni - 20 selsiy darajada ham 800 vatt bilan bir soat ichida kofe qaynaydigan darajaga yetkazish mumkin”, - deydi u.

Derazalar qalin, sinmaydi, ham ichki haroratni saqlaydi. Elektr toki uchun quyosh batareykalari o‘rnatilgan. Uyning to‘rt devoridan ikki tasi shishadan. 3D-printerdan chiqqan shisha devorlar kimyoviy faoliyati nihoyatda sust, ya’ni har qanday havoda reaksiyaga kirishmaydigan gazlar bilan to‘ldirilgan.

“Bunday devorlar o‘ta chidamli. G‘isht yoki yog‘ochga taqqoslab bo‘lmaydi, yuz baravar mustahkam”, - deydi Maksim Gerbut.

Anton Getmanning aytishicha, “aqlli” mobil uyda 200 ga yaqin sensorlar bor. Suv va elektr bilan ta’minlovchi, havoni tozalovchi, ob-havoga qarab haroratni nazorat qiluvchi 15 dan ortiq mikrokompyuterlar ishlab turadi. Shuningdek, uy o‘z-o‘zining va uyda yashovchilarning xavfsizligi haqida ham qayg‘ura oladi.

“Yashovchilarning harakatlarini kuzatuvchi infraqizil sensorlar yaratganmiz. Mabodo yotgan odam uzoq vaqt turmasa yoki tana harorati keskin tushib ketsa sensorlar ishlab ketadi, tez yordam yoki yaqinlariga xabar berish imkoni bo‘ladi”, - deydi Anton Getmen.

Uyda, shuningdek, atmosferadan suv siqib oladigan apparat ham o‘rnatilgan. Ishlatilgan suvdan yana foydalanish mumkin.

“Kerak bo‘lsa, ichimlik suvi va energiyani oylab saqlasa bo‘ladi. Biror bir halokat yuz bergan taqdirda ham, bu uyda bexavotir qolish mumkin”, - deydi Maksim Gerbut.

Bunday uylarning eng kichigi 38 kvadrat metr. 64 mingdan 200 ming dollargacha baholanadi. Birinchi uy avgust oxirida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?