34 million 240 ming soʻmlik dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi

16:20 20 Avgust 2020 Jamiyat
162 0

Bojxona chegaralari orqali Oʻzbekiston Respublikasiga imtiyoz qoʻllanilgan holda dori vositalari va tibbiyot buyumlari kirib kelmoqda.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad esa shu sinovli kunlarda aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga yaqindan koʻmaklashishdir.

Biroq ichki hududda ayrim “nafsini tiyolmagan kimsalar” noqonuniy tartibda dori-darmonlar oldi-sotdisi bilan shugʻullanib yurganligi aniqlandi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari Samarqand shahrida olib borgan tezkor tadbiri davomida “Yulduz” kafesi yonida joylashgan avtomashinalar turargohida turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Yu.F. boshqaruvidagi «Spark» rusumli avtomashina koʻzdan kechirildi.

Natijada avtomashinadan yoʻlovchi sifatida ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi X.Sh.ga tegishli boʻlgan polietilen paketlarga joylashtirilgan jami 34 million 240 ming soʻmlik xorijda ishlab chiqarilgan dori vositalari borligi maʼlum boʻldi.

Mazkur dori vositalari guvohlar ishtirokida qonunbuzardan ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olib qoʻyildi. Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, viloyat bojxonachilari joriy yil boshidan bugungi kunga qadar 9 ta holatda 112 million 287 ming soʻm, jami 7385 dona dori vositalarini noqonuniy savdosini toʻxtatib qolishgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?