3209ta boʻsh yotgan binolar

17:39 13 Iyun 2019 Jamiyat
790 0

Qurilishi tugallanmagan obyektlar tadbirkorlarga nima uchun beriladi? Bu savolga soddagina qilib, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, yangi ish oʻrinlari yaratish, infratuzilmani rivojlantirish uchun, deya javob berish mumkin.

Lekin bu obyektlar yillar davomida qarovsizligicha tursa, tuya goʻshti yegan obyektga aylansa – chi? Unda bundan na tadbirkor, na jamiyat foyda koʻradi. Qurilishi tugallanmagan inshootlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan oʻtkazish hamda aniqlash boʻyicha Idoralararo komissiya ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida 3209 ta obyekt xatlovdan oʻtkazildi.

-Shu jarayonda boʻsh turgan, avval xususiylashtirilgan obyekt negizida investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifini bildirmagan 1226 ta mulkdorning roʻyxati soliq organlariga taqdim etildi,- deydi viloyat DSB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi boshligʻi Bahodir Fayziyev.-Ularga nisbatan soliqlarni oshirilgan stavkalar boʻyicha hisoblash choralari koʻrildi.

Ana shunday mulkdorlar qatorida tadbirkor Aziz Kalonov ham bor.U Kogon shahar markazidagi uch sotix yerda savdo majmuasi barpo etishga kirishgandi.Ortda qolgan bir necha yil davomida butun boshli shahar qiyofasi oʻzgardi.Oʻnlab inshootlar qurilib ishga tushirildi.Ammo A. Kalonov boshlagan ish boshlanganicha turibdi. Shu sababli qarovsiz yotgan, samarasiz foydalanilayotgan hudud uchun u shu yilning martidan mol – mulk va yer soligʻini ikki karra miqdorda toʻlayapti.Shu shahardagi “Muharram” xususiy korxonasi rahbariga Idoralararo komissiya tomonidan soʻrovnoma yuborilgan, unda obyektdan samarali foydalanishga oid takliflar soʻralgandi.Biroq obyekt faoliyatini tiklash muddatlari, moliyalashtirish manbalariga doir soʻrovlar suvga tushgan toshdek izsiz ketdi.Oqibatda bu tadbirkorlik subyekti ham mol – mulk va yer soligʻini ikki karra miqdorda toʻlashga oʻtkazildi.Ahvol shu tarzda ketsa, bu miqdor tartibga muvofiq, besh karra oshishi tayin.

Kogon tumanidagi “Kogon ravon yoʻli”, “Turon qurilish montaj”, “Avtolen” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining foydalanilmayotgan obyektlari misolida ham xuddi shunday fikrlarni bildirish mumkin.

-Joylarda tushuntirish ishlari olib borilyapti,-deya davom etadi B. Fayziyev.-Lekin shunga qaramay, oʻz vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan ishbilarmonlar oz emasligi kishini tashvishlantiradi.Masalan, shu kunga qadar viloyatdagi 1000 dan ortiq korxonaga mol-mulk va yer soliqlari 2 karra, 41 ta korxonaga 5 karra miqdorda va 6 ta korxonaga 10 karra miqdorda, jami 10 milliard soʻm qoʻshimcha soliqlar hisoblandi.

Maʼlumot tariqasida aytish lozimki, Prezidentimizning 2018-yil 4-sentyabrdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, foydalanilmayotgan obyektlar mulkdorlari – yaʼni, yuridik shaxslar mol-mulk va yer soliqlarini dastlab 2 karra miqdorda, ushbu holat davom etsa 6 oy oʻtgandan soʻng – 5 karra, 12 oy oʻtgandan soʻng va keyinchalik – oʻrnatilgan stavkaga nisbatan 10 karra miqdorda toʻlashga oʻtkaziladilar. Qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilish muddati esa toʻxtatiladi.

Istam IBROHIMOV, (“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?