3,2 mlrd soʻmlik maishiy texnika buyumlarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi

14:48 11 Sentyabr 2019 Jamiyat
138 0

Davlat bojxona qoʻmitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Davlat soliq qoʻmitasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida qoʻshni mamlakatdan Fargʻona vodiysi orqali noqonuniy yoʻllar bilan olib kirilgan maishiy texnika buyumlarining noqonuniy aylanmasi fosh etildi.

Kuzatuvga olingan yuk avtotransport vositalari Zangiota tumani hududida toʻxtatilib belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, avtoulov yukxonasiga hech qanday hujjatlari boʻlmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, qolaversa, maxsus identifikatsion markalar bilan qadoqlanmagan 100 dona kontrafakt televizorlar ortilganligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davom ettirilganda, mazkur tumandagi omborlardan birida ham 24 nomdagi 938 dona televizorlar, 340 dona kir yuvish mashinasi, 60 dona muzlatgich va sovitgichlar borligi aniqlandi.

Ushbu hududda yana bir soxta tadbirkorning 12 nomdagi 210 dona televizorlari noqonuniy ravishda saqlanayotganligi fosh qilindi.

Oʻtkazilgan keng qamrovli tezkor tadbirlar natijasida bojxonachilar tomonidan toʻxtatib qolingan maishiy texnika vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 3,2 mlrd soʻmni tashkil qilmoqda.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?