314 nafar yurtdoshimiz “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoniga munosib koʻrildi

15:10 15 Noyabr 2018 Jamiyat
311 0

Agar yurtimizda 9 mingga yaqin fuqarolar yigʻinlari boʻlsa, hali-hamon ular orasida ishni toʻgʻri tashkil etmagan, qoloqligi tufayli ushbu institut nomiga dogʻ tushirib kelayotgan mahallalar ham yoʻq emas.

Lekin, adolat bilan aytadigan boʻlsak, hududdagi barcha masalalarni oʻz zimmasiga olgan, muhimi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda faoliyat olib borayotgan va pirovardida Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan mahallalar soni judayam koʻp. Mazkur moʻjaz maskanlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning saʼy-harakati bilan joylardagi masalalarga ijobiy yechim topilmoqda. Xususan, ichki yoʻllar, yoʻlaklar, koʻchalar atrofi obod boʻlmoqda, ijtimoiy himoyaga ehtiyoji bor fuqarolar qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda, yoshlar va xotin-qizlar bandligi taʼminlanmoqda, eng muhimi, jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari sezilarli darajada kamayishiga erishilmoqda.

Xususan, joriy yilning 9 oyida 3 ming 53 ta mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarlik umuman qayd etilmadi. Mahalla posbonlari xabarlari yordamida qariyb 53 ming 812 ta huquqbuzarlik aniqlandi, 1 ming 257 ta jinoyat ochildi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi doirasida mahallalarda 144 ta sartaroshxona, 94 ta goʻzallik saloni, 63 ta kichik tikuvchilik sexi va 282 ta hammom, 3637 ta issiqxona tashkil etildi. Natijada 28 ming 792 nafar aholi bandligi taʼminlandi.

Prezidentimizning 2017 yil 13 iyuldagi “Mahalla iftixori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi qaroridan kelib chiqqan holda, faoliyati davomida ana shunday yuqori natijalarga erishgan 314 nafar yurtdoshimiz mazkur koʻkrak nishoniga munosib koʻrildi. Bu haqda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi majlisida maʼlum qilindi.

— Mukofotlanganlar orasida borligimni eshitib, ham quvondim, ham hayajonlandim, — deydi Bektemir tumanidagi “Oltintopgan” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Mahmuda Begmatova. —Sababi, bu ragʻbat boʻlishi bilan birga, zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi. Zero, oldinda qiladigan ishlarimiz, bajarishimiz zarur boʻlgan vazifalarimiz bisyor.

Taqdirlangarlarga koʻrak nishonlari hamda eng kam oylik ish haqining toʻrt baravari miqdoridagi pul mukofotlari mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirlar davomida topshiriladi.
Zokir XUDOYSHUKUROV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?