31-avgust – jahon siyosiy xaritasida mustaqil Oʻzbekiston davlati tashkil topgan kun

10:07 31 Avgust 2019 Jamiyat
137 0

Tarixdagi muhim voqealarga boy 31-avgust ham turli yillarda yuz bergan voqea-hodisalarni oʻzida jam etgan.

Bugun malayziyaliklar oʻzlarining milliy bayrami – “Milliy kun“ni nishonlayotgan boʻlsa, qirgʻizistonliklar – Davlat mustaqilligi kunini bayram qilishyapti.

31-avgust Oʻzbekistonda Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadi.

Oʻzbekiston tarixida:

870-yil – islom olamining yirik mutafakkiri, muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriy (810–870) Samarqand yaqinidagi Hartang qishlogʻida dunyodan koʻz yumdi. U yigirmadan ortiq kitob tasnif etgan. Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) deb nomlangan 4 jild (juz)dan iborat hadislar toʻplami islom olamidagi boshqa muhaddislar tuzgan hadis toʻplamlari orasida eng ishonarli va mukammalidir.

1865 – Usmoniylar hukumati Qoʻqon xoni Sulton Sayidxonning chor Rossiyasi tajovuziga qarshi kurashda yordam soʻrab yozgan iltimosini “Majlisi maxsus”da muhokama qilayotgan bir paytda Qoʻqon amirlashkari Alimqulning oʻlimi va chor Rossiyasi qoʻshinlarining Toshkentni ishgʻol qilganligi xabari Istanbulga yetib keladi. Usmoniylar sultoni Abdulaziz (1861–1879) farmoniga koʻra, Qoʻqon va Buxoroga maktub yozilib, elchilarga yoʻl xarajatlari uchun mablagʻ ajratiladi. Maktubda sulton Abdulaziz Oʻrta Osiyo xonlarini birdamlikka chaqiradi.

1912-yil – geolog olim, davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Habib Abdullayev (1912–1962) dunyoga keldi.

1920-yil – RSFSR Xalq Komissarlar Soveti davlatga topshirilgan paxta uchun paxtakorlarga naqd pul yoki natura bilan toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Qarorda Amerika chigitidan yetishtirilgan 1 pud paxtaning narxi sobiq sovet puliga 1260 rubl deb belgilandi.

1920-yil – Buxoroga hujum qilgan sovet qoʻshinlari tomonidan shaharning toʻla vayron qilinishining oldini olish uchun Buxoro amiri Said Olimxon Moxi Xossa orqali Gʻijduvon tomonga qarab chekindi.

1924-yil – RKP(b) Markaziy Qoʻmitasi Oʻrta Osiyo byurosi Oʻrta Osiyo respublikalarini chegaralash yuzasidan oʻtkazilayotgan tashviqot kampaniyasi toʻgʻrisidagi direktivalarni toʻldirish va aniqlik kiritish haqidagi masalani koʻrib chiqdi.

1932-yil – Sovet hukumatiga qarshi kurash harakati rahbarlaridan biri, Ibrohimbek nomi bilan tanilgan Mulla Muhammad Ibrohimbek Chaqaboy Toʻqsabo oʻgʻli (1889–1932) qatl etildi. Buxoroning sobiq amiri Olimxon 1921-yil boshlarida uni oʻzining butun qoʻshinlariga qoʻmondon qilib tayinlagan edi.

1932-yil – Oʻzbekiston xalq artisti Roman Tkachuk (1932–1995) dunyoga keldi.

1940-yil – Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi Xayrixon Qurbonova tavallud topdi.

1952-yil – Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toirov dunyoga keldi. U 2001-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

1971-yil – Jizzax viloyatidagi Baxmal tumani qayta tuzildi. U 1943-yil 8-mayda tashkil etilgan. 1957-yil 12-oktyabrda Gʻallaorol tumani bilan birlashtirilgan edi.

1971-yil – Qashqadaryo viloyatidagi Dehqonobod tumani qayta tuzildi. Mazkur tuman 1926-yil 26-sentyabrda tashkil etilgan boʻlib, 1962-yil 24-dekabrda Gʻuzor tumani bilan birlashtirilgan edi.

1971-yil – Toshkent viloyatidagi Ohangaron tumani qayta tashkil etildi. Unga 1929-yilning 29-sentyabrida asos solingan, 1939-yilgacha Qurama tumani deb atalgan. 1957-yilda Oʻrta Chirchiq va Toshkent tumanlari tarkibiga qoʻshilgan edi.

1991-yil – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari 6-sessiyasida Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi eʼlon qilinib, Respublikaning davlat mustaqilligi toʻgʻrisida Oliy Kengashning Bayonoti qabul qilindi. Tegishli qaror bilan Oʻzbekiston SSR Oʻzbekiston Respublikasi deb ataldi. 1-sentyabr Mustaqillik kuni deb belgilandi. Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida qonun qabul qilindi.

1993-yil – Toshkentda Amir Temur haykali ochildi.

1994-yil – “Yogʻdu” haftalik iqtisodiy gazetasi chiqa boshladi. U 1995-yil 21-yanvardan “Mulkdor” nomi ostida nashr etila boshlandi.

1995-yil – Oʻzbekiston Respublikasi Osiyo taraqqiyot bankiga aʼzo boʻldi.

1995-yil – Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 1966-yil 16-dekabrda qabul qilgan Inson huquqlari toʻgʻrisida paktlarga, shuningdek, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisidagi xalqaro Konvensiyaga qoʻshildi.

1995-yil – Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimlik karantini toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi.

2000-yil – Oʻzbekiston Respublikasining “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi.

2002-yil – Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuyida “Qatagʻon qurbonlari” muzeyi ochildi. Muzey Rossiya imperiyasi va sovet hokimiyati davrida Vatan ozodligi yoʻlidagi faoliyati uchun qatagʻon etilgan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil qilingan. Bu minnatdor avlodlarning oʻz ajdodlari xotirasiga ehtiromidir.

2004-yil – Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi foydalanishga topshirildi.

Jahon tarixida:

1492-yil – Moskva knyazligi va Usmonlilar imperiyasi oʻrtasida birinchi sulh shartnomasi tuzildi.

1806-yil – Imperator Aleksandr I xolislikni Rossiya tashqi siyosatining asosiy prinsipi deb eʼlon qildi.

1821-yil – nemis tabiatshunosi German Gelmgolts (1821–1894) dunyoga keldi. U fanga erkin va bogʻlangan energiyalar degan tushunchani kiritgan.

1879-yil – Yaponiyaning 123-imperatori Yosixito (1879–1926) tavallud topdi.

1907-yil – Peterburgda Angliya va Rossiya oʻrtasida Oʻrta Sharqdagi taʼsir doiralar chegaralarini belgilash toʻgʻrisida bitim imzolandi.

1914-yil – Nikolay II farmoni bilan Sankt-Peterburg shahri Petrograd deb nomlandi.

1919-yil – hind shoirasi, adibasi Amrita Pritam tavallud topdi. Uning sheʼrlari Zulfiya tarjimasida oʻzbek matbuotida chop etilgan. U Gʻafur Gʻulom, Oybek, Zulfiya, Asqad Muxtorning baʼzi asarlarini panjob tiliga tarjima qilgan.

1954-yil – Armaniston davlat arbobi, mamlakatning 1998–2008-yillardagi Prezidenti Robert Kocharyan dunyoga keldi.

1955-yil – Uilyam Kobb Chikagoda quyosh batareyali dunyodagi birinchi avtomobilni namoyish qildi.

1957-yil – Malakka yarimorolida turli sultonliklarni birlashtirgan Malayziya Federatsiyasi mustaqillikka erishdi.

1962-yil – Buyuk Britaniyaning Karib dengizidagi mustamlakasi boʻlgan Trinidad va Tabago mustaqil davlat deb eʼlon qilindi. U 1976-yil 1-avgustda esa Respublika deb eʼlon qilindi.

1994-yil – Gʻarbiy Germaniyadan Rossiya qoʻshinlarining chiqarilishi yakunlandi. 

Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi.

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?