300ta telefon — bunaqasi hali boʻlmagandi

17:51 27 Iyun 2019 Jamiyat
390 0

Illyustrativ foto

Buxoro shahridagi soʻlim “Rudizar” marosimlar zalida viloyat hokimligi tashabbusi bilan Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Diydorlashuv marosimiga aylangan kechada soha mehnat faxriylari, gazetalar va internet nashrlar, radio hamda televideniyeda faoliyat koʻrsatayotgan 300 nafar xodim ishtirok etdi.

- Umrimning 41 yili jurnalistika sohasida oʻtdi,-deydiromitanlik publitsist, yozuvchi Joʻra Fozil. - Lekin soha ijodkorlariga koʻrsatilayotgan bunaqangi izzat-ikrom, ehtiromni Buxoroda endi koʻrib turibman. Prezidentimizning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yoʻllagan Tabriklarida taʼkidlanganidek, bu eʼtibor va gʻamxoʻrlik biz,qalamkashlar masʼuliyatini yanada oshiradi.

Chindan ham Buxoroda hali bunaqasi boʻlmagandi.Gap shundaki, viloyat hokimi tashabbusi bilan viloyat, shahar va tuman gazetalarining moddiy – texnika bazasini mustahkamlash tadbirlari koʻrildi. Sohada alohida faollik koʻrsatgan ijodkorlarga televizor, zamonaviy aloqa vositalari va boshqa sovgʻalar topshirildi. 300 nafar xodimga uyali telefonlar ham ulashildi. Toʻkin dasturxon atrofidagi gurungga taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi kuy – qoʻshiqlar ulandi. Bir soʻz bilan aytganda, bayram bayramdek oʻtdi.

Tadbirda viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev ishtirok etdi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?