30 ta xususiy bandlik agentligi birorta ham fuqaroni xorijga ishga yubormagani maʼlum boʻldi

16:56 28 Oktyabr 2019 Jamiyat
518 0

Keyingi yillarda mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, vaqtinchalik ishlash uchun xorijga joʻnab ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, ularga zarur huquqiy, ijtimoiy, axborot-maslahat yordami koʻrsatish hamda moddiy qoʻllab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda parlament Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oʻzbekistonda migratsiya jarayonlari: muammo va yechimlar” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatida bu boradagi ishlar atroflicha muhokama qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik Mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash masalalari departamentining mudiri, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutasaddilari, xususiy bandlik agentliklari rahbarlari, migratsiya masalasiga aloqador vazirlik va idoralar vakillari hamda jurnalistlar qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-avgustda “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila aʼzolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatda vaqtinchalik ishlash uchun chet elga ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash bilan birga, mehnat migrantlari va ular oila aʼzolarining yashashi, mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish borasida ham qator vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari uchun uy-joy, maishiy sharoitlarni yaxshilash, moliyaviy yordam, hayoti va sogʻligʻini himoya qilish masalalarida ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yaratishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar qabul qilinishi ham nazarda tutilgan.

Albatta, bu koʻrilayotgan choralar mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish, ularga har tomonlama koʻmaklashish, ijtimoiy va huquqiy muhofazalashda muhim omil boʻlmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishda tashqi mehnat migratsiyasi masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani, xususan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ishi takomillashtirilgani, “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingani katta ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur Qonun asosida 88 ta yuridik shaxs Xususiy bandlik agentligi sifatida Mehnat vazirligi reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan. Ulardan 65 tasiga fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shugʻullanish uchun litsenziya berilgan boʻlib, bugungi kunda ularning 59 tasi oʻz faoliyatini samarali yuritmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuridik shaxslarning reyestrini shakllantirish 1 kunlik qisqa muddatda, litsenziya berish 3-5 kunda amalga oshirilmoqda. Joriy yilning oʻtgan davri davomida Xususiy bandlik agentliklari tomonidan 1655 nafar fuqaro chet elda, 77 nafar fuqaro respublikamiz hududida ishga joylashtirildi, 33 838 nafar fuqaroga maslahat va axborot xizmati koʻrsatildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston tomonidan Rossiya, Koreya, Qozogʻiston davlatlari bilan tuzilgan hujjatlar yangilandi, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya va boshqa mamlakatlar bilan esa, ikki tomonlama shartnomalar imzolandi. Shuningdek, Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan yaqin aloqalar oʻrnatilib, uning rasmiy konstitutsiyasi ratifikatsiya qilindi, hozirda esa, yurtimizda mazkur tashkilotning vakolatxonasini ochish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari mazkur sohadagi muammolarni ham atroflicha muhokama qildilar. Xususan, oʻtgan vaqt davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga va boshqa masʼul idoralarga ayrim xususiy bandlik agentliklari faoliyati ustidan koʻplab fuqarolarning salbiy murojaatlari kelib tushgani qayd etildi.

Deputatlar, ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida litsenziyaga ega boʻlgan 65 ta xususiy bandlik agentliklaridan 30 tasi tomonidan birorta ham fuqaro shu kunga qadar xorijiy davlatlarga ishga yuborilmaganini tanqid qildilar.

Muhokamalar chogʻida koʻtarilgan masalalar – sohadagi muammolar ildizini chuqur oʻrganish, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Deputatlar sohadagi muammolarga yechim topish, ayniqsa, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini takomillashtirish masalasida parlament nazoratini kuchaytirish lozimligiga eʼtibor qaratdilar.

Tanqidiy tahlillar asosida oʻtgan davra suhbati yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?