30 million tup tut daraxti kesilgan. Ularning oʻrni qanday toʻldiriladi?

10:25 31 Oktyabr 2018 Jamiyat
661 0

Pillachilik istiqboli ipak qurti ozuqa bazasi nechogʻlik mustahkamligiga bogʻliq. Shunday ekan, bir yilda uch marta pilla yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan yurtimizda bu borada real ahvol qanday? Tut plantatsiyalari mahsuldorligi talab darajasidami?

Afsuski, yoʻq. Yaqinda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi mutaxassislari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi mavjud tut qatorlari va tut plantatsiyalari holati oʻrganilganida shunday xulosa kelindi.

— Ochigʻini aytish kerak, shu paytga qadar pillachilikka qishloq xoʻjaligining eng oxirgi tarmogʻi sifatida qarab kelingan, — deydi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi Ozuqa bazasini (tut plantatsiyalari), ipak qurti ishlab chiqarish va agrotexnikani rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Shavkat Ochilov. — Bu esa ipak qurti ozuqasi kamayib, hosildorlikka oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Aniqrogʻi, ekin maydonlari atrofidagi qariyb 30 million tup tut daraxti kesib yuborilib, 44 million tupga yaqini qolgan, xolos. Bundan tashqari, 6,3 ming gektar maydondagi tutzorlar yoʻq qilib yuborilgan boʻlib, 43,5 ming gektar tut plantatsiyalari saqlanib qolingani achinarlidir.

Taʼkidlash kerakki, uyushma tomonidan bu kabi salbiy holatlarning oldini olish, kelgusi mavsumlarda ozuqa tanqisligiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida aniq chora-atdbirlar koʻrilmoqda. 2018 yil kuzida respublika boʻyicha 100 million tup tut koʻchati ekish rejalashtirilgani bunga bir misoldir.

Tabiiy savol tugʻiladi: buncha nihol qayerdan olinadi?

"Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi raisi oʻrinbosari Olim Jumayevning aytishicha, kuzgi mavsum uchun zarur koʻchatlarning qariyb 58 million tupi oʻzimizda mavjud. Qolgan qismi esa Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelinadi. Buning uchun Chejiang (Zhejiang) qishloq xoʻjalik akademiyasi bilan Oʻzbekiston iqlimiga mos koʻchatlar yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzilgan.

Qolaversa, uyushma tizimida tutchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklari tashkil qilingan boʻlib, ularda tutning yangi navlari yaratilmoqda. Ushbu jamoalar zimmasiga 2021 yilgacha mamlakatimizda ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, tut koʻchatlari eksportini yoʻlga qoʻyish vazifa yuklatilgani diqqatga sazovor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?