3 yilda yuridik kadrlarni tayyorlovchi OTM haqida bilasizmi?

11:25 25 Oktyabr 2020 Jamiyat
272 0

Salkam 2 yil ilgari, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash samaradorligini yana-da oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi. Bu haqda TDYUUning Ixtisoslashtirilgan filiali “Kasbiy-jangovar tayyorgarlik” kafedrasi dotsenti v.b. Hikmatilla Axmedov atroflicha maʼlumot berdi.

“Ixtisoslashtirilgan filialning asosiy vazifasi yurisprudensiya sohasida bazaviy va amaliy kasbiy tayyorgarlikni taʼminlashga qaratilgan oʻquv rejalari va dasturlari asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash hisoblanadi va “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash” soha mutaxassisligi boʻyicha yuridik kadrlarni tayyorlash kunduzgi taʼlim shaklida bakalavriatning maxsus uch yillik dasturi boʻyicha belgilangan namunadagi diplom berilgan holda amalga oshiriladi.

Filialga yuridik kadrlarni tayyorlashga yoshi oʻn sakkizdan kichik va yigirma beshdan katta boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari test sinovlari asosida oʻqishga qabul qilinadi. Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida doimiy propiskada boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan yuridik kadrlarni tayyorlash boʻyicha oʻqishga hujjat topshirishda umumiy oʻrta taʼlim yoki oʻrta-maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga ega, sogʻligʻining holati boʻyicha xodim yoki harbiy xizmatchining xizmat majburiyatlarini bajarishga qodirligiga eʼtibor beriladi. Oʻqishga qabul qilishda talabgor boʻyining balandligi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi, yaʼni erkaklarga – 165 santimetrdan, ayollarga – 160 santimetrdan past boʻlmasligi talab etiladi.

6 oylik qayta tayyorlash kurslarga Ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qoʻmondoni tavsiyalari asosida oliy noyuridik maʼlumotli xodimlar va harbiy xizmatchilar lavozimi va pul taʼminoti saqlab qolingan holda qabul qilinadi.

2019/2020 va 2020/2021 oʻquv yillarda jami 575 nafar talabalar oʻqishga qabul qilindi. Filial diplomining mavjudligi ichki ishlar organlariga Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni oʻtmasdan, “leytenant” maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos boʻladi. Filialda oʻqishni tamomlaganlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimida kamida 5 yil ishlab berish majburiyatini oladilar.

Guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, har qancha choralar koʻrilishiga qaramay, jinoyatga moyil shaxslar boʻladi. Biroq, jinoyatlarni oldini olish, sodir etilganlarini “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tamoyili asosida muhokama qilish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar samarali tashkil etish oqibatida ayrim mintaqalarda muayyan turdagi jinoyatlarning kamayishi kuzatiladi, bu uchun, albatta,  malakali kadrlarni tayyorlash va ularga kerakli bilim va koʻnikmalarni berish zarur”, deydi Axmedov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?