272 nafar mahkumga egallagan mutaxassisligi boʻyicha sertifikatlar berildi

17:44 09 Yanvar 2020 Jamiyat
309 0

Poytaxtimizdagi Interpolning mamlakatimizdagi milliy markaziy byurosida ichki ishlar organlarining jazoni ijro etish organlari faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda sohada amalga oshirilayotgan qator ishlar haqida keng maʼlumotlar berildi.

Sohaga oid tegishli hujjatlar asosida jazoni ijro etish muassasalari zamon talablariga toʻliq moslashtirilmoqda. Xususan, Zangiota tumanida xalqaro standartlarga javob beradigan yangi tergov hibsxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi, 35 ta koloniyadagi mahkumlarni saqlash uchun moʻljallangan binolar toʻliq taʼmirlandi va ularning hududini videokuzatuv nazoratiga olish uchun qoʻshimcha 1 381 ta videokamera oʻrnatildi. Hozirgi paytda tergov jarayoni va saqlash sharoitlarining shaffofligini taʼminlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq oʻtkazish bilan bogʻliq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida 2 989 ta zamonaviy videokuzatuv moslamasi ishlab turibdi.

Mahkumlarning murojaatlari, mavjud muammolarini oʻrganish va ularni ijobiy hal qilish maqsadida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tomonidan sayyor qabullar oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan. Barcha jazoni ijro etish koloniyalarida Ombudsmanga, prokurorga, ariza va shikoyatlarga moʻljallangan alohida qutilar oʻrnatilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jasliq qoʻrgʻonida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan koloniya yopilib, u yerda saqlanayotgan 395 nafar mahkum sud tomonidan belgilangan tartib turiga muvofiq boshqa koloniyalarga oʻtkazildi. Mahkumlarning taʼlim olishi va kasb-hunar egallashi boʻyicha huquqiy kafolat mustahkamlandi. Yopiq turdagi koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlarning telefon soʻzlashuvi, yoʻqlov va uchrashuvlar olishi soni qariyb ikki barobarga koʻpaytirildi. Mahkumlarga ilk marotaba saylov huquqi taqdim etildi, ularning ish haqidan ijtimoiy sugʻurta ajratilmasligi belgilanib, pensiya taʼminotiga ega boʻlishi taʼminlandi.

Mehnat qilayotgan mahkumlarning oylik ish haqi oʻrtacha 1 million soʻmgacha yetkazildi.

Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik doirasida 18 nafar hunarmand rahbarligida tashkil etilgan “Usta-shogird” maktabida 306 nafar “usta” mahkumga 979 nafar “shogird” mahkum biriktirilib, ularga xalq amaliy sanʼati mahsulotlarini tayyorlash boʻyicha hunar oʻrgatilmoqda.

Bugungi kunda “Usta-shogird” maktabini tugatgan 272 nafar mahkumga egallagan mutaxassisligi boʻyicha sertifikatlar berildi.

OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?