26-avgust kuni Rossiyadan yana 900 nafardan ortiq hamyurtimiz olib kelinadi 

22:22 21 Avgust 2020 Jamiyat
407 0

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq Rossiya Federatsiyasining Rostov viloyatidan yurtdoshlarimizni olib kelish maqsadida temir yoʻl reysi tashkil etilmoqda.

Rossiya va Qozogʻiston tomoni bilan kelishuvga binoan, Oʻzbekiston fuqarolarini yoʻlovchi poyezdlari orqali olib kelish maqsadida Toshkent – Rostov-Don – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha navbatdagi maxsus temir yoʻl reysi tashkil etilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Ushbu yoʻnalish boʻyicha temir yoʻl qatnovini amalga oshiruvchi poyezd 19-avgust kuni Toshkentdan joʻnab ketdi. Gnilovskaya – Toshkent yoʻnalishida ushbu poyezd orqali 918 nafar hamyurtimiz 26-avgust kuni Oʻzbekistonga olib kelinadi.

Mazkur yoʻlovchi poyezdi yoʻl davomida faqat texnik koʻrik uchun toʻxtatiladi, yaʼni stansiya-vokzallarda yoʻlovchilarning platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.

Poyezd Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.

Ushbu reysda olib kelingan yoʻlovchilar Namangan viloyatining karantin zonalariga yuboriladi. Aynan shu jihatni inobatga olgan holda yoʻlovchilarning qarindosh va yaqinlari ularni kutib olish maqsadida vokzalga tashrif buyurmasliklarini soʻrab qolamiz.

Eslatib oʻtamiz, koʻrilayotgan karantin choralari sababli, MDHning qator davlatlarida mamlakatga kirish-chiqishga cheklovlar Oʻzbekistonda ham joriy etilgan va ular Oʻzbekiston Respublikasi maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan bekor qilinmagunicha amaldagi kuchga ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?