26 aprel — “Amir Temur” ordeni ta’sis etilgan kun. U bilan kimlar mukofotlanadi?

10:13 26 Aprel 2018 Jamiyat
513 0

“Amir Temur” ordeni mamlakatimizda sohibqiron siymosiga ko’rsatilayotgan chuqur hurmat va e’tibor ifodasidir.

Orden markazida sohibqironning ot ustidagi ulug’vor qiyofasi aks ettirilgan, tasvir ostida esa bobomiz hayotda qat’iy amal qilgan shior — “Kuch — adolatda” so’zlari bitilgan. Bobokalonimizning hayotiy e’tiqodi teran aks etgan bu hikmat bugungi kunda davlatimiz rahbari yuritayotgan siyosatning ham tub mazmun-mohiyatini ifodalaydi.

Ushbu orden bilan davlatchiligimizni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari, me’morchilikni, ilm-fan, adabiyot va san’atni, shu jumladan, harbiy mahoratni rivojlantirishga, davlatlararo hamkorlikni, tinchlikni hamda xalqlar o’rtasidagi do’stlikni mustahkamlashga alohida hissa qo’shgan yurtdoshlarimiz, shuningdek, mamlakatimiz fuqarosi bo’lmagan shaxslar ham taqdirlanadi. Fuqarolar bilan bir qatorda, ayrim hollarda, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar va harbiy bo’linmalar, mamlakatimizning ma’muriy-hududiy birliklari ham ushbu orden bilan mukofotlanishi mumkin.

1996 yil 28 avgustda bobokalonimizning 660 yillik yubileyi munosabati bilan Samarqand hamda Shahrisabz shaharlari, 2014 yil 22 avgustda Termiz shahri “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlangan.

Shaxmat bo’yicha jahon chempioni unvonini qo’lga kiritgan Rustam Qosimjonov ham ushbu orden bilan taqdirlangan.

Bu yil mamlakatimizda sohibqiron Amir Temur tavalludining 682 yilligi keng nishonlanmoqda. Zero, buyuk sarkardaning Vatan, xalq oldidagi ulkan xizmatlari doimo ulug’lanaveradi. Uning siymosi barchamizni yangidan-yangi zafarlarga, yutuqlarga undovchi kuch-qudrat manbai, buyuklik va adolat timsoli bo’lib qolaveradi.

Dilshod KARIMOV,
«Xalq so’zi» muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?