250 oʻrinda 502 oʻquvchi...

14:51 13 Fevral 2020 Madaniyat
325 0

Yoxud Sergelidagi musiqa va sanʼat maktabi jamoasi nima uchun imkoniyatdan ikki baravar koʻp bolaga taʼlim berishga majbur boʻlmoqda?

Yaqinda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov oʻzi masʼul boʻlgan tizimdagi taʼlim muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvda sohadagi qator kamchiliklar haqida toʻxtalib, jumladan, musiqa va sanʼat maktablaridagi bugungi ahvol, kadrlar muammosi, oliy taʼlim maskanlaridagi kamchiliklar haqida tanqidiy fikrlarini aytdi. Ayrim hayotiy misollarni keltirdi. Bu, albatta, uning mavjud vaziyatdan yaxshi xabardorligini anglatadi. Shunday boʻlishi ham tabiiy. Chunki Nazarbekovning suyagi sanʼatda qotgan, sohani ichidan yaxshi biladi. Endi ana shu muammolarga yechim topishga intilyapti. Bu yoʻlda u ommaviy axborot vositalarini ham hamkorlikka chorlab, muammoli masalalarni keng yoritishni tavsiya qilmoqda. Maqsad — kamchiliklarni birgalikda yechish, madaniyatimiz va sanʼatimiz mavqeini yangi pogʻonaga koʻtarish.

Ana shundan kelib chiqib, Sergeli tumanidagi 21-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi jamoasini oʻylantirayotgan ayrim masalalarga Madaniyat vazirligi eʼtiborini qaratishni lozim topdik.

Bu taʼlim muassasasiga farzandini qabul qilishlarini soʻrab boruvchi ota-onalarga maktab maʼmuriyati koʻpincha ijobiy javob berishga qiynaladi. Xoʻsh, buning sababi nimada? Yaqinda maktab direktori Hakima Nabiyeva bilan boʻlgan qisqagina suhbatimizda u buni izohlab berdi.

— Bizda eng katta muammo — joy masalasi, — deya soʻz boshladi H. Nabiyeva. — Maktabimiz aslida 250 oʻringa moʻljallangan. Lekin bugun bu yerda 502 nafar bola tahsil olyapti. Yaʼni ikki baravar koʻp oʻquvchi bilan ishlayapmiz. Shunga majburmiz. Chunki Sergelida boshqa musiqa va sanʼat maktabi yoʻq. Mana, tuman hududida yangi massivlar, mavzelar paydo boʻldi, yangi oilalar koʻchib kelyapti. Shundoq ham bundan oldin imkoniyatimiz tor edi. Yangi turarjoylar qurilib, aholi soni koʻpayganidan keyin ahvol yana-da murakkablashmoqda.

Boshqa tumanlarda oʻqiydigan oʻquvchilar, oilasi koʻchib kelgani tufayli tahsilni shu yerda davom ettirish uchun bizga qoʻlida hujjati bilan keladi. Ularni qabul qilmaslikka haqimiz yoʻq. Noiloj olamiz. Qolaversa, farzandini qabul qilishimizni soʻrab kelganlarga “yoʻq” deya rad javobi bermaymiz, albatta. Bizda har yili avgust oyida qabul uchun sinov boʻladi. Ana shu sinovga taklif qilamiz. Oʻtganlar olinadi.

Oʻylab koʻring, maktab oʻsha-oʻsha, sigʻimi chegaralangan. Lekin oʻquvchilarimiz soni oshyapti. Shu bois, qarangki, hatto yakshanba kuni ham mashgʻulotlarimiz bor. Bu holatda nima qilish kerak?

Bitta yechim: Sergeliga yangi musiqa va sanʼat maktabi zarur. Shundagina masala hal boʻlishi mumkin. 2016-yilda shunday taʼlim muassasasi qurilishi boʻyicha loyiha bor edi. Ammo negadir u amalga oshmay qolib ketdi.

Kadrlar boʻyicha ham muammolarimiz bor. Sababi, oylik maoshlar kam.

— Axir, pedagoglarning ish haqi bir necha marta oshirildi-ku. Nahotki bu sizlarga aloqador boʻlmasa? — hayron boʻlib soʻradik maktab direktoridan.

— Hamma shunaqa deydi. Lekin mendan oylik necha pul, deb soʻrab koʻring-chi. “Oklad” — 1 million 200 ming soʻm! Bunday sharoitda ishga tajribali, mahoratli mutaxassislarni jalb etish qiyin.

Bu yerda biz bolani boshidan oʻqitamiz. Hech narsani bilmaydigan paytidan keladi. Yaʼni, mehnat koʻp ketadi. Bunisiyam mayli. Biz koʻnikib ketganmiz. Lekin yosh mutaxassislarga, ayniqsa, erkaklarga buning uchun 1 million yoki 2 million soʻm baribir kamlik qiladi-da. Shu bois ham maktabimizni, kollejni, Konservatoriyani bitirganlar bizga kelishmaydi. Oʻtgan yili ikkitasini olib keldik. “Bu yerda ishlash juda qiyin ekan”, deyishdi. Nima boʻldi? Ular orkestrga ketishdi. Chunki orkestrda faqat oʻziga javob beradi, oʻzi chaladi. Oyligi esa 2,5 — 3 million soʻm atrofida.

Ochigʻini aytish kerak, yaxshi kadrlar ham yetishmaydi aslida. Konservatoriyani bitirganlar kelib turishibdi. Afsuski, aksariyati ishni yaxshi bilmaydi. Misol uchun, oʻtgan yili Konservatoriyaning 4-bosqichida oʻqiydigan toʻrt talaba bor edi bizda. Ishga ololmadik. Chunki, aytganimdek, ishni yaxshi bilishmaydi. Zaruriyat nuqtayi nazaridan pensiyaga chiqib ketganlarning baʼzilaridan kelib ishlashlarini iltimos qildik.

Toʻgʻri, yangi kelgan kadrni bilmas ekan, deb koʻkragidan itarish kayfiyatidan yiroqmiz. Aslida hech kim ilmli boʻlib tugʻilmaydi. Hamma hayoti davomida sekin-asta oʻrganib boradi. Shu bois ham yosh mutaxassislarga “mana, imkoniyatdan unumli foydalanib, yoshi ulugʻlardan, pensionerlardan bir nima oʻrganib qolinglar”, deb aytamiz... Afsuski, aksariyat yoshlar yengillik qidirishadi-da.

Albatta, yurtimizda musiqa va sanʼat maktablariga eʼtibor yuksak, koʻp imkoniyatlar qilib berilyapti. Natijada yangidan-yangi iqtidorlar kashf etilyapti. Festivallar, tanlovlar oʻtkazilyapti. Xalqaro tanlovlarda qatnashyapmiz. Bundan juda minnatdormiz. Lekin yechimini kutayotgan ayrim muammolar borligini ham inkor etib boʻlmaydi-da. Ishonchimiz komilki, hamma kamchiliklar vaqti-soati bilan hal etiladi. Sergelida ham yangi musiqa va sanʼat maktabi qurilsa, koʻp masalalar yechimiga erishiladi, deb oʻylaymiz...

Shavkat ORTIQOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?