236-maktabdagi noxush voqea. Uchtepada aslida nima boʻlgandi?

18:31 06 Noyabr 2018 Jamiyat
2689 0
Foto: Dinara Chirkova / “Xalq so‘zi”.

Munisxon KARIMOVA/ “Xalq soʻzi-online”. Shu yilning 27 oktyabrida poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 236-maktabda noxush voqea roʻy berdi. Maktabning 11-“A” sinfida tahsil olayotgan bir guruh oʻquvchilar hamda tarix fani oʻqituvchisi oʻrtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik tartibsizlikka aylanib, oʻqituvchining yengil tan jarohati olishiga sabab boʻldi. Mahalla fuqarolar yigʻinlari faollari ushbu voqeaga befarq qarab turishmadi. Ota-onalar hamrohligida mazkur taʼlim muassasasiga borib, yuz bergan voqea bilan yaqindan tanishishga harakat qildik.

Ayni paytda ushbu maktabda Uchtepa tumanida joylashgan 4 ta mahalla farzandlari tahsil olmoqda. Jumladan, Istirohat, Shaftolizor, Oʻtkir va Jarbuloq mahallalarining faollari shu munosabat bilan maktabda tashkil etilgan muhokamada oʻquvchilar, ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz suhbatlashishdi. Aniqlanishicha, taʼlim muassasasida shu kunga qadar bunday holat kuzatilmagan. Oʻquvchilar tomonidan yoʻl qoʻyilgan bu kabi odobsizlik sababi, oiladagi tarbiyaviy muhit atroflicha muhokama qilindi.

— Bola tarbiyasiga, yaxshi taʼlim olishiga birgina maktab javobgar emas, — deydi Uchtepa tumani “Istirohat” MFY raisi Neʼmat Rafiqov. — Buning uchun, eng avvalo, bolaning ota-onasi, mahalla ahli ham birdek masʼul. Shuning uchun bugun biz barcha faollarni yigʻib, ota-onalarni ham shu yerga chaqirdik. Maqsadimiz roʻy bergan voqeada kimnidir ayblash yoki jazolash emas. Aksincha, biz nima uchun bu kabi voqealar roʻy beryapti, bolalarimiz bunday ishga qoʻl urayotganining sababi nimadaligini aniqlab olib, shunga yarasha chora koʻrishimiz kerak. Toki, ustozga nisbatan bunday hurmatsizlik qayta takrorlanmasin. Bolalarni ham ortiqcha siquvga olib, jazolash fikridan yiroqmiz. Ular bilan birga koʻproq ota-onalari bilan ishlayapmiz. ¤zi farzandining orqasidan yaxshi gap emas, mana bunday achchiq gaplarni eshitish qanchalik ogʻir. Voqea roʻy berdimi, shunga yarasha ish olib borish kerak. Demak, mahalla faollari shu oʻquvchilarning xonadoniga yanada chuqurroq kirib borishi, ular va ota-onalar bilan suhbatda boʻlishi talab etiladi.

Mahalla faollari ota-onalarning bu boradagi alohida masʼuliyati xususida toʻxtalib oʻtishdi. Maktabda oʻtkazilgan bir necha yigʻilishlarga qatnashmasdan befarqlik bilan qarayotgan ota-onalar tanqid qilindi. Bolalarning ayni katta hayotga qadam qoʻyadigan, oq-qorani taniydigan yoshida bu kabi holatlar yuz berayotgani mahalla faollarini ham tashvishga solishi, tabiiy. Bundan keyin mahalla — maktab — ota-onalar hamkorligini yanada kuchaytirish, mahalla huzuridagi “Ota-onalar universiteti” faoliyatini jonlantirish xususida kelishib olindi.

Xuddi shunday yigʻilish mahallalar miqyosida ham tashkil etilib, qoidabuzar oʻquvchilarga mahalla faollari, ota-onalar, maktab jamoasi va nuroniylar tomonidan ustoz maqomi, uni hurmat-izzat qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?