22 aprel kuni harbiy xizmatchilar tomonidan qariyb 70 ta qabriston obodonlashtirildi

18:56 23 Aprel 2018 Jamiyat
1204 0
Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

Yurtimizda turli bayramlar, muqaddas sanalar oldidan umumxalq hayriya xasharini o‘tkazish va shu orqali hududlarni obodonlashtirish yaxshi an’anaga aylangan. 
Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida 22 aprel yakshanba kuni respublika hududida joylashgan muqaddas qadamjolar, masjid va qabristonlarni obodonlashtirishdek ezgu ishlarda besh mingdan ziyod harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. 

Jumladan, vazirlik markaziy apparati harbiy xizmatchilari hamda Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilari tomonidan Toshkent shahridagi “Botkina” nomli qabristonda uyushqoqlik bilan xashar tashkil etildi. Qabrlar atrofi, ariq va yo‘laklar tozalandi. Panjaralarni bo‘yash, daraxt va devorlarni oqlash, payvandlash kabi yumushlar bajarildi. 

Bu kabi tadbirlar shu kuni Respublikamizning chekka hududlarida ham davom etdi. Toshkent shahrida 18 ta, Jizzax, Samarqand shaharlarida 8 ta, Surhondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlarida 20 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 16 ta hamda Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlaridagi 7 ta qabristonlar xashar yo‘li bilan obod etildi, deyiladi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?